O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan viloyat korxona va tashkilotlari o‘rtasida “AKT – 2017” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.
Mamlakatimizda barcha sohalarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilmoqda. Hukumatning elektron tizimga o‘tishi, sanoat, ishlab chiqarish va ijtimoiy sohalarda axborot texnologiyalarining keng qo‘llanilishi ish unumdorligi hamda sifatini yaxshilash, belgilangan rejalarni aniq vaqt rejimida bajarishda muhim omil bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlariga murojaatida 2018-yilga yurtimizda Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deya nomlash taklifini bildirgani yangi innovatsion, kreativ g‘oyalarni hayotga tatbiq etishda yangi bosqichni boshlab beradi.
Mazkur tanlov viloyatda iqtidorli axborot-kommunikatsiya texnologiyalari mutaxassislarini aniqlash, ular o‘rtasida ijodiy muhitni shakllantirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, AKTni samarali qo‘llayotgan davlat organlarining nufuzini oshirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida AKT sohasidagi malakali kadrlarni qo‘llab-quvvatlash, ular qobiliyatini yanada rivojlantirish alohida e’tiborga olingan.
– Navoiy viloyatida aholi va chekka hududlarni tezkor axborot tarmoqlariga ulash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i F.Teshayev. – Xususan, 18 mingta qo‘shimcha internet porti tashkil etilib, qariyb 80 bazaviy stansiya o‘rnatilgani foydalanuvchilarning tezkor internetdan foydalanish imkoniyatini kengaytirmoqda. Viloyat hokimligi, sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi boshqarmalari hamkorligida qator yangi loyihalar yaratildi. Ochiq ma’lumotlarning portalga joylashtirib borilayotgani aholining axborot olish huquqini ta’minlab, mahalliy boshqaruv organlariga ishonchini mustahkamlamoqda.
Abdulla Qodiriy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida o‘tkazilgan tanlovda “Eng yaxshi axborot tizimi”, “Eng yaxshi axborot texnologiyalari mutaxassisi”, “Eng yaxshi innovatsion g‘oya muallifi” nominatsiyalarida Navoiy kon-metallurgiya kombinati dasturchi muhandisi A.Qurbonov, Navoiy viloyati xalq ta’limi boshqarmasi mutaxassisi J.Qobilov, Zarafshon shahridagi 1-umumta’lim maktabi informatika fani o‘qituvchisi H.Moldabergenov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.