“Yaxshi orzulari haqida gapirib turgan do‘sting o‘girilib qarasang, besh metr narida qonga belanib yotardi”

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

May 2, 2018

“Yaxshi orzulari haqida gapirib turgan do‘sting o‘girilib qarasang, besh metr narida qonga belanib yotardi”

Shahrisabz tumanining Qutchi qishlog‘ida istiqomat qiluvchi 98 yoshli Saydullo bobo Jabborov urush yillarini xotirladi.
 
– Bundan 77 yil avval urush boshlanibdi, degan vahimali xabar chekka qishlog‘imizda ham yashindek tarqaldi. O‘shanda endigina 21 yoshga qadam qo‘ygandim. Qishloq yigitlari qatori men ham birinchilardan bo‘lib ro‘yxatga yozilib, 1941-yilda urushga jo‘nadim. Avval artilleriya divizionida “zambarak” o‘qlovchi bo‘ldim. O‘sha yillari Stalingrad (hozirgi Volgograd) shahri ostonasidagi janglarda ishtirok etdim. Yaralandim, sog‘ayib yana jangga qaytdim. Bu juda og‘ir kunlar edi. Urushning bor dahshatini, uning insoniyat boshiga keltirgan ayovsiz kulfatlarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Eslagim kelmaydi u kunlarni. Urushda inson hayotining zarracha ahamiyati yo‘q ekan. Bir kunda yuzlab safdoshlarimizdan ayrilardik. Hozirgina senga yaxshi orzulari haqida gapirib turgan do‘sting o‘girilib qarasang, besh metr narida qonga belanib yotardi. Bunga chidash qiyin edi. Ne-ne azamatlar ana shu urushda erta xazon bo‘lib ketdilar. Ularning ichida turli millatga mansub ko‘plab do‘stlarim bor edi…
Vaqt o‘tgani sari dushmanning ham shashti so‘nib, ortga tisarila boshladi. Bu paytda tankchilar qismiga o‘tkazishdi meni. Endi Latviya va Litva hududlarida jang qilardik. 1945-yil boshlariga kelib, fashistlar ko‘plab hududlardan tamomila chekindi. Men jang qilayotgan qism bu paytda Riga shahridan dushmanni quvlamoqda edi. Tez-tez talvasadagi dushmanning kichik-kichik guruhlariga duch kelinar, ular esa oxirgi ilinj bilan qarshi tomon jangchilariga ko‘proq talafot yetkazishga harakat qilardi.
1945-yilning 9-may kuni ham shu shaharni dushman askarlaridan tozalashda ishtirok etayotgandim. Bir kuni safdoshlarim bilan nogoh uch-to‘rtta fashist askari yashirinib yotgan pistirmaga duch keldik. Chorasiz qolgan dushman jon holatda o‘t ochdi. Ushbu qarama-qarshilikda bir necha safdoshlarim qatorida men ham og‘ir yaralandim. Urush tugaganini oradan bir necha kun o‘tib Voronejdagi harbiy gospitalda hushimga kelganimda eshitdim. 1946-yilda esa ikki qo‘ltiqtayoqda gospitaldan chiqib, uyga keldim.
Uyga kelib bilsam, urush jang maydonlaridan ancha olis bo‘lgan yurtimiz hududlarida ham o‘zining ayanchli izlarini qoldirgan ekan. Qo‘lidan ish keladigan yigitlarning ko‘pchiligi jangdan qaytmagan, sanoat, xalq xo‘jaligining barcha sohalari izdan chiqqan, yo‘qchilik avj olgan bir davr edi. Jarohatim biroz tuzalgach, qo‘limga ketmon olib dalaga chiqdim. Keyin meni Qarshi cho‘lini o‘zlashtirishga safarbar qilishdi. Xo‘jaliklardan birida brigadir bo‘lib ishlay boshladim. Urushning og‘ir kunlarini, ochlik azoblarini ko‘rgan emasmanmi, tinchlikda o‘tayotgan har bir kunimni baxt deb bilardim, bor kuchim, g‘ayratim bilan ishlardim.
O‘sha davrlarda Sharof Rashidovning o‘zi meni “Hurmat belgisi” ordeni bilan taqdirlab, birorta xo‘jalikni boshqarishim kerakligini aytdi. Men esa biror joyda o‘qimaganim, hech qanday ma’lumotga ega emasligimni bildirdim. “Hechqisi yo‘q, sizda mehnatkashlik va eng muhimi tajriba bor. Buyog‘iga xo‘jalik rahbari bo‘lib ishlaysiz”, dedi. Shundan so‘ng Nishon tumanidagi “Shirinobod” xo‘jaligida rais bo‘lib ishlay boshladim.
Urushdan qaytgandan so‘ng ham qiynalgan, boshimga tashvish tushgan, yaqin insonlarimni yo‘qotgan vaqtlarim bo‘ldi. Lekin tinchlik davrida ko‘rgan barcha qiyinchiliklarimni urushning yarim soatlik azobiga teng ko‘rmayman. Bu qattol urushni biz ko‘rdik, boshqa avlod ko‘rmasin. Tilimda ham, dilimda ham Yaratgandan tinchlikni abadiy qilishini so‘rab yuraman. Ayniqsa, mustaqillikdan keyingi yillar yurtimizdagi osudalik, xotirjamlik, farovonlikni ta’riflashga qiyos yo‘q. Biz keksalarga, urush qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan e’tiborni aytmaysizmi. Oyma-oy nafaqamni uyga keltirib berishadi. Har yili Xotira va Qadrlash kuni bayrami arafasida Prezidentimiz mukofotini olyapmiz. Bu yil ha doimgidan-da o‘zgacha bo‘ldi, Yurtboshimiz farmoni bilan 5 million so‘mdan pul berilyapti. Uning ustiga o‘zimiz jang qilgan mamlakatlarga davlat hisobidan safar qilishimiz, Yalta va Kislovodskdagi sanatoriylarda dam olishimiz mumkin bo‘ldi. Yana qayda bor bunday e’zoz, e’tibor?!
O‘tgan yili Xotira va Qadrlash kuni bayrami munosabati bilan poytaxtda tashkil etilgan tantanali tadbirda qatnashdim. U yerda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashib, shaxsan muloqotda bo‘ldim, yurtimiz tinchligi, xalqimizning farovon hayoti uchun rahmat aytdim. Alloh u kishiga kuch-quvvat bersin, boshi omon bo‘lsin!
Urushda, hayotim qil ustida turgan lahzalarda bugungi dorilamon kunlar kelishini, shunday farovon hayot kechirishimizni tasavvur ham qila olmaganman. Har tong nevaralarimning shodon kulgilarini eshitib, o‘zimda yo‘q sevinaman. Farzandlarimning yuz-ko‘zlaridagi xotirjamlik, baxtli hayoti umrimga umr qo‘shmoqda. Ulug‘ yoshda ham tetik va bardamligimning sababi ham shunda. Mana shu tinch, osuda va farovon kunlarimizga ilohim ko‘z tegmasin.