O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Muvaffaqiyatli islohotlar – yuqori natijalar poydevori” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etildi.
Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mutasaddilari, xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbarlari, Singapur ta’lim vazirligi, ushbu mamlakatning “Marshall Cavendish Education”, “Times Publishing Ltd” kabi tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yodramchisi Saida Mirziyoyeva yurtimizda taraqqiyotning muhim sharti sifatida ta’lim sohasini tubdan isloh etish, unga jahonning eng ilg‘or tajribalarini joriy etish, o‘qituvchilarning maqei va obro‘sini yuksaltirish, ustoz-pedagoglarning kasb mahoratini doimiy oshirib borish orqali ta’lim sifati va mazmunini yuksaltirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi.
Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston ta’limida erishilgan yutuqlar bilan birga kelgusida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar ham mavjud.
Shu o‘rinda mazkur xalqaro tashkilot tomonidan O‘zbekistonda ta’lim sifatini oshirish, pedagoglarning salohiyatini ko‘tarish uchun alohida 3 million dollarga teng grant mablag‘lari ajratilishini ta’kidlash joiz.
O‘quvchilarda mantiqiy, tanqidiy va kreativ fikrlash, bilimini real hayotiy vaziyatlarda qo‘llash, mulohaza yuritish, xulosalar chiqarish, talqin qilish, nostandart vaziyatlarda yuzaga kelgan muammolarga yechim topish ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratish lozim. Mazkur ko‘nikmalar o‘quvchilarni mustaqil hayotga tayyorlash, kasb egallashi va mustaqil qaror qabul qila oladigan shaxs sifatida shakllanishida muhim ahamiyatga ega.
O‘z navbatida o‘qituvchilarning o‘qitish metodikalarini rivojlantirish, shuningdek, o‘quvchilarni mulohaza yuritishga undash, ularga o‘ylashni talab qiladigan, aniq yechish usullari bo‘lmagan va bilimlarini yangi vaziyatlarda qo‘llash talab qilinadigan masalalar berish, muammolarni turli xil kontekstlarda bayon etish, mustaqil o‘rganish metodikalarini rivojlantirish masalasi tobora dolzarb hisoblanadi.
Tadbir davomida Singapur tajribasi asosida maktab rahbarlari va o‘qituvchilar malakasini oshirish, ularni kasbiy rivojlantirishga doir ilg‘or tajribalar almashish, o‘quvchilar bilimi va ko‘nikmalarini baholash hamda rivojlantirishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish, ta’limni raqamlashtirish bo‘yicha soha mutaxassislarining mavjud bilimlarini yanada oshirish nazarda tutilgan.
Singapur ta’limga oid nufuzli tadqiqotlar natijalariga ko‘ra dunyoda yetakchi mamlakatlardan biri bo‘lib, ta’limga sarmoya kiritish, inson kapitalini rivojlantirishga e’tibor qaratish orqali mamlakat taraqqiyotiga erishgan davlat sifatida e’tirof etiladi.
– O‘zbekiston Singapurning muhim hamkorlaridan sanaladi, – dedi “Times Publishing Ltd” tashkiloti rahbari Peng Yim Syu. – Yangi loyiha mamlakatlarimiz o‘rtasida ta’lim sohasida birgalikdagi sa’y-harakatlar o‘qituvchilar bilimini yanada oshirish, o‘quv jarayoniga oid dolzarb vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish imkonini beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan mamlakatdagi maktab direktorlari va o‘qituvchilar malakasini oshirish, maktablar o‘quv dasturini takomillashtirish hamda unga raqamli texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha Singapurning “Marshall Cavendish Education” tashkiloti bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan.
Bunda O‘zbekistonning xalqaro tadqiqotlardagi natijalari tahlillarini chuqurlashtirish, fanlararo o‘zaro integratsiyani kuchaytirish orqali ta’lim sifatini oshirish, Singapur tajribasi asosida maktab rahbarlari va pedagog kadrlar salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha treninglar tashkil etish, mazkur yo‘nalishda tajriba almashish, o‘quvchilarning ta’lim olishlarini yaxshilash, hayotiy zarur ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ularning fanlardan egallagan bilimlarini baholashda sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha treninglar tashkil etish nazarda tutilgan.
Konferensiyaning mantiqiy va uzviy davomi sifatida, singapurlik ekspertlar tomonidan joriy yil 10-14 iyun kunlari maktab direktorlari hamda 8-12 iyul kunlari matematika va tabiiy-ilmiy savodxonlikni rivojlantirish yo‘nalishlari bo‘yicha тренинглар olib boriladi.
Unda 400 nafardan ortiq mutaxassislar uchun kasbiy rivojlantirish, sohadagi yangiliklarni bo‘lishish, o‘z faoliyati davomida yuzaga keladigan muammolarni hal qilish bo‘yicha tajribalar o‘rgatiladi.
Keyinchalik, joriy yil avgust oyidan boshlab mazkur treninglarda qatnashgan 400 nafarga yaqin maktab direktorlari (menejerlar), matematika va tabiiy fanlar o‘qituvchilari (master-trenerlar) salohiyatidan foydalangan holda mamlakatimiz bo‘ylab hududlar, tuman va shaharlar va maktablar darajasida kaskad usulida treninglar davom ettiriladi.
2024-2025 yangi o‘quv yili davomida singapurlik mutaxassislar bilan hamkorlik aloqalari davom ettiriladi. Respublika darajasida o‘tkazilgan treningda egallangan bilim va ko‘nikmalarni 500 ming nafardan ortiq o‘qituvchilar e’tiboriga yetkazilishi jarayonlarida erishgan natijalar kuzatiladi, tahlil qilinadi hamda metodik yordam va maslahatlar berib boriladi.
Hamkorlik doirasida o‘quvchilarning ta’lim olishlari hamda fanlardan egallagan bilimlarini baholashda sun’iy intellektdan foydalanilish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bunda 2024/2025 o‘quv yili davomida yurtimizning barcha hududlaridagi maktablarda sun’iy idrokdan foydalangan holda o‘quvchilarining matematika va tabiiy fanlardan egallagan bilimlari va ushbu bilimlarni real hayotiy vaziyatlarda foydalana olishlari baholanadi, monitoring qilib boriladi hamda aniqlangan bo‘shliqlar yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi.
Singapurning “Marshall Cavendish Education” tashkiloti ta’lim sohasida salmoqli yutuqlarga erishgan tashkilot sifatida hozirgi kunda 90 dan ortiq mamlakat bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Tashkilot mazkur yo‘nalishda 60 yillik tajribaga ega.
Shuningdek, ushbu tashkilot butun dunyo bo‘ylab o‘qituvchilarning malakasini oshirish maqsadida doimiy ravishda tadqiqot ishlarini olib boradi.
Manba: O‘zA