Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri U.Inoyatov va boshqalar ota-onalar, keng jamoatchilikning fikr va takliflari inobatga olingan holda 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab umumta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilariga o‘z xohishiga mos tarzda maktablarning 10-sinfida yoki akademik litsey va kollejlarda o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratilganini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining 2018-yil 25-yanvardagi tegishli qaroriga muvofiq 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab majburiy umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim umumta’lim maktablarida, jumladan, ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat, olimpiya zaxiralari maktab-internatlarida hamda akademik litseylarda uzluksiz va 11 yillik muddatda amalga oshiriladi.
11 yillik ta’limning joriy etilishi munosabati bilan Xalq ta’lim vazirligi tomonidan olimlar, amaliyotchi o‘qituvchilar, ota-onalar fikriga tayangan holda 10-11-sinflar uchun 12 ta umumta’lim fanlari bo‘yicha o‘quv rejalari qaytadan ishlab chiqilib, ularga qator o‘zgartirishlar kiritildi. Fan dasturlari asosida 10-sinf o‘quvchilariga umumta’lim fanlaridan 18 nomdagi darsliklar 7 tilda jami 9 milliondan ortiq tirajda chop etildi va joylarga yetkazildi.
Umumiy o‘rta ta’lim maskanlari 10-11-sinf o‘quvchilarining ta’lim olishi bilan birga ularga kasb o‘rgatish maqsadida joylarda O‘quv ishlab chiqarish majmualarining faoliyati keng yo‘lga qo‘yildi. Mazkur majmualarda 50 dan ortiq kasbni o‘rgatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 11-sinfdan boshlab esa kasb ta’limi orqali hunar sirlarini o‘rgatish bilan birga «Tadbirkorlik asoslari» fani ham o‘qitiladi.
Kasblar ro‘yxati hududlarning sharoitlari va ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar mazmunidan kelib chiqqan holda mutasaddilar, ish beruvchi tashkilotlar mutaxassislari bilan birgalikda shakllantiriladi. Majmualarda kasblar murakkabligiga qarab 1 yoki 2 yil davomida o‘rgatiladi va mehnat bozoridagi ehtiyojga asosan o‘zgarib turadi.
10-11-sinf o‘quvchilariga haftasiga 1 kun 6 soatdan 2 yil davomida kasbiy ta’lim beriladi. Bitiruvchilarga o‘rta ma’lumot to‘g‘risidagi attestat bilan birga kasb malakasi bo‘yicha davlat namunasidagi diplom topshiriladi. Shu bilan birga o‘quvchilarning kasblarga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida maktablarning 1-sinfidan boshlab kasbga yo‘naltirish ishlar olib boriladi. 8-9-sinflarda esa kasblarga yo‘naltirish alohida fan sifatida o‘qitiladi.
2017/2018 o‘quv yilining ikkinchi yarim yilligidan boshlab yurtimizning har bir hududidan tanlangan 28 ta o‘quv ishlab chiqarish majmuasida 9-sinf o‘quvchilariga kasb o‘rgatish ishlari tajriba-sinov tarzida olib borilmoqda. Uning natijalari asosida kelgusida kasb o‘rgatish sirlarini maktablarning 9-sinflaridan boshlash ko‘zda tutilgan.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi vazifalaridan kelib chiqqan holda vazirlik tomonidan ta’lim-tarbiya sifatini oshirishga qaratilgan «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqildi.
Unga ko‘ra, ilg‘or xorijiy tajribalar va o‘qitishning innovatsion metodlari, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etgan holda 11-sinflar uchun 20 nomdagi 9,7 million tirajdagi darsliklar yaratiladi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari xodimlarining savollariga javob qaytarildi.