Kelgusi ikki yilda “SirdaryoMega-Luks” qo‘shma korxonasida qadoqlash mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha ikkita loyiha amalga oshiriladi. Loyihalarning amalga tatbiq etilishi natijasida korxonada jami 1 ming 150 yangi ish o‘rni yaratiladi.
Ushbu loyihalardan biri – yumshoq konteyner ko‘rinishidagi qadoqlash mahsulotlarini ishlab chiqarishdir. Umumiy qiymati 26 million AQSh dollari bo‘lgan mazkur loyiha doirasida korxonaga Avstriyaning “Starlinger & Co. Gessellshaft m.b.H” kompaniyasining zamonaviy texnologiyalari o‘rnatiladi.
Ishlab chiqarishning to‘la quvvat bilan ishga tushirilishi natijasida yiliga 29 ming tonna qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulot ishlab chiqariladi. E’tiborlisi, mahsulot korxonaning yillik eksport tushumlarini 60 million AQSh dollarigacha oshirish imkonini beradi.
2020-yilning oxiriga qadar ishga tushirilishi mo‘ljallanayotgan mazkur yirik loyiha natijasida 800 nafar yigit-qiz muqim ish o‘rniga ega bo‘ladi.
Qishloq xo‘jaligi va sanoat yo‘nalishidagi korxonalar uchun qadoqlash mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish “SirdaryoMega-Luks” qo‘shma korxonasida amalga oshirilayotgan yana bir yirik loyiha hisoblanadi.
Loyihaga 14 million AQSh dollari miqdoridagi investitsiya jalb etilishi natijasida bugungi kunda ham ichki, ham tashqi bozorlarda talabgir bo‘lgan raqobatdosh mahsulot ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur ishlab chiqarish quvvatining ishga tushirilishi yiliga 44 million AQSh dollarlik mahsulotni xorijga eksport qilish imkonini beradi.
Ahamiyatlisi, «O‘zsanoatqurilishbank»ning xorijiy hamkor banklari mablag‘larini jalb qilgan holda amalga oshiriladigan mazkur loyihalar Sirdaryo viloyatining yuqori qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha salohiyatini yanada oshirish bilan bir qatorda minglab yurtdoshlarimizning doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘lishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
– Ilg‘or tajribalarga, texnologiyalarga tayangan holda ish olib borilishi, ishlab chiqarishda sifatli xomashyodan foydalanilishi natijasida eksport geografiyasi tobora kengaymoqda, – deydi “SirdaryoMega-Luks” qo‘shma korxonasi rahbari Muhiddin Normatov.– “O‘zsanoatqurilishbank”ning ushbu moliyaviy hamkorligi evaziga esa nafaqat Markaziy Osiyo va MDHdagi an’anaviy bozorlar, balki Yevropa Ittifoqi, Lotin Amerikasi davlatlari bozorlariga ham “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” yorlig‘i tushirilgan tayyor mahsulot yetkazib berish yanada oshadi.
“O‘zsanoatqurilishbank” Axborot xizmati