SHHT doirasida diplomatik muloqot madaniyati mavzusi muhokama qilindi

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Dekabr 19, 2024

SHHT doirasida diplomatik muloqot madaniyati mavzusi muhokama qilindi

Diplomatik muloqot madaniyati va etiket xalqaro munosabatlar va tashqi siyosiy faoliyatdagi eng muhim masalalardan biridir. Zero, davlatlararo rasmiy va norasmiy aloqa muayyan madaniy, ijtimoiy, etnik qoidalarga tayanadi.

Ayni muhim jihatlar bilan sohaning yosh vakillarini yaqindan tanishtirish maqsadida O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan Xalqaro islom akademiyasi hamkorligida “Diplomatik muloqot madaniyati va etiket: SHHT mamlakatlari misolida” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

“Xalqaro munosabatlar” yo‘nalishi talabalarining bu boradagi ko‘nikmasini rivojlantirish, SHHT doirasidagi diplomatik aloqalar, ikki va ko‘p tomonlama sherikliknining asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida ma’lumot berish maqsadida tashkil etilgan tadbirda Markaz direktori Qobiljon Sobirov hamda uning o‘rinbosari Zafar Abduraxmanov o‘zlarining ko‘p yillik tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Akademiya rektori Muzaffar Komilov o‘zaro aloqalar rivojlanib borayotgani, birgalikda uyushtirilayotgan tadbir, loyihalarda professor-o‘qituvchilar, talabalar faol ishtirok etayotganini e’tirof etdi.

Muqaddas islom dini chuqur tadqiq etilayotgan mazkur ilmiy muassasa ulug‘ allomalarimiz ma’naviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shadigan yuksak salohiyatli, raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashda beqiyos ahamiyat kasb etishi alohida qayd etildi. Xususan, “Xalqaro munosabatlar” yo‘nalishi talabalari Akademiyada olgan nazariy bilimini Markazda mustahkamlash imkoniga egaligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida mavzu doirasida talabalar bilan savol-javob tashkil etildi. Ekspertlar tomonidan sohani izchil o‘zlashtirish, SHHT mamlakatlari o‘rtasidagi diplomatik hamkorlik jarayonida yoshlar ishtirokini kengaytirishga oid tavsiya va maslahatlar berildi.

Tomonlar qo‘shma loyihalar ishlab chiqib, talabalar uchun xalqaro seminar, konferensiyalar shaklida amaliyot tadbirlari tashkil qilishga kelishib olishdi.

Bunday uchrashuvlar yoshlarimiz diplomatik etiket, muloqot madaniyati va xalqaro munosabatlar bo‘yicha tajriba orttirishi, o‘zlarida diplomatiya sohasida muvaffaqiyatli faoliyat yuritish uchun zarur bo‘lgan xushmuomalalik, hurmat, protokolga rioya qilish kabi ko‘nikmalarni hosil qilishi, ularni turli xalqaro tuzilmalar doirasida muvaffaqiyatli faoliyat olib borishga tayyorlashi shubhasiz.

O‘zbekistondagi Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.

O‘zA