Yaqinda Moskva shahridagi Kreml saroyida bo‘lib o‘tgan «Звезды «Романсиады» («Romansiada» yulduzlari») nomli gala-konsertda O‘zbekiston xalq artisti Ramiz Usmonov ishtirok etdi.
Ispaniyalik mashhur opera xonandasi Xose Karreras o‘zbekistonlik solistga «zamonamizning eng jozibali ovozi» degan ta’rif berdi. Ramizning Kreml sahnasidagi chiqishini tomoshabinlar gulduros va davomli qarsaklar bilan qarshi oldi.
Ramiz Usmonovni rus romansining «Romansiada» xalqaro tanlovi bilan ko‘plab yoqimli xotiralar bog‘lab turadi. Yurtdoshimiz 2008-yilda Chimkent (Qozog‘iston)da bo‘lib o‘tgan «Romansiada – 2008» mintaqaviy tanlovida birinchi, Moskvadagi «Romansiada – 2008» xalqaro tanlovida ikkinchi mukofot sohibi bo‘lgan.
Ramiz musiqiy bayram kechasida J.Puchchinining «Turandot» operasidan mashhur Kalaf ariyasini ijro etdi. Shuningdek, Kreml saroyi sahnasida Ramiz Usmonov hamda belaruslik taniqli tenor Vladimir Dmitruk ijrosida rus xalq qo‘shiqlari yangradi.
– Sovuq ob-havoga qaramay, Moskvada meni iliq kutib olishgani unutilmas taassurot qoldirdi, – deydi Ramiz Usmonov. – Bu «Romansiada» yulduzlari» gala-konsertidagi ilk ishtirokim emas, har safar u men uchun nafaqat katta bayram, balki do‘stlar va albatta hozir ham o‘z mashhurligini yo‘qotmagan romans muxlislari bilan diydor ko‘rishish imkoniyatidir.
Ramiz Usmonov Toshkentdagi Yunus Rajabiy nomidagi musiqa bilim yurtida «rubob» yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olgan. 2000-yilda O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga «akademik vokal» mutaxassisligi bo‘yicha O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, dotsent A.Abduqodirov sinfiga o‘qishga kirdi. Shu yili u Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatriga stajirovka guruhiga qabul qilindi. 2005-yildan buyon Ramiz mazkur teatrning opera solisti hisoblanadi.
2010-yilda Ramiz Ozarbayjonda bo‘lib o‘tgan Bulbul nomidagi vokalchilar xalqaro tanlovida birinchi mukofot va «Tanlovning eng yaxshi tenori» unvoniga sazovor bo‘lgan. 2012-yilda Qozog‘istonda B.To‘laganova tanlovida Gran-pri, 2013-yili Avstriyada bo‘lib o‘tgan «Competizione dell Opera» tanlovida ikkinchi o‘rinni egallagan.