1 fevraldan prezident virtual qabulxonasi dasturiy tizimining yangi talqini pm.gov.uz internet manzilida test rejimida ishga tushdi, unda har bir foydalanuvchiga shaxsiy kabinet ochish, ko’p beriladigan savollarga batafsil javob olish imkoni yaratilgan.
O’zA’ning yozishicha, virtual qabulxonaning yangi dasturiy tizimida fuqarolarga qulay bo’lgan shaklda turli muammo va masalalar bo’yicha malakali yuridik yordam berilishini ta`minlovchi «Onlayn maslahatchi» moduli yaratildi. Bu modul «Ko’p beriladigan savollar» bo’limi bilan hamohanglikda ishlaydi.
Bunda turli tarmoqlar va faoliyat sohalari bo’yicha maslahatchi sifatida jalb etilgan malakali mutaxassislar jismoniy va yuridik shaxslarga real vaqt rejimida maslahat berib borishi va mazkur xizmat shu yil 15 fevraldan boshlab test rejimida ishga tushirilishi ko’zda tutilgan.
«Onlayn maslahatchi» xizmati virtual qabulxona orqali savol yuborib, onlayn rejimda yuridik ma`lumotga ega bo’lgan mutaxassislardan tezkor huquqiy maslahat olish imkoniyatini taqdim etmoqda. Endilikda u yoki bu masala bo’yicha huquqiy axborot olish uchun bir necha kun javob xati kelishini kutish zarurati qolmaydi. Bu o’z navbatida portalda ro’yxatga olinayotgan, faqat huquqiy ma`lumot olish nazarda tutilgan murojaatlar soni qisqarishiga, davlat organlarida boshqa turdagi murojaatlar bilan ishlash sifati oshishiga xizmat qiladi. Jismoniy va yuridik shaxslarning huquqiy ma`lumot olishga bo’lgan ehtiyojlari tezkor ravishda ta`minlanishiga erishiladi. “Onlayn maslahatchi” moduli orqali ko’p beriladigan savollar muntazam tahlil qilinib, shu asosda “Ko’p beriladigan savollar” bo’limi to’ldirib boriladi.
Shuningdek, «Vazirlik va idoralar rahbarlarining fuqarolarni qabul qilish jadvallari va ularga murojaat yuborish» moduli joriy qilindi. Bu bilan pm.gov.uz manzilida barcha davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, mahalliy hokimliklar rahbarlarining fuqarolarni qabul qilish jadvallari yagona bazada joylashtirildi. Ya`ni, davlat organlari rahbarlarining fuqarolar qabuliga doir ma`lumotlar – qabul kunlari, vaqti, tegishli telefon raqamlari, elektron pochta manzillari, davlat organining manzili haqidagi ma`lumot bir joyda jamlandi.
Ayrim hollarda jismoniy va yuridik shaxslar o’zlarini qiziqtirgan masala uchun qaysi davlat organi mas`ul ekani borasida yetarli bilimga ega bo’lmaydi. Shu bois mazkur modulda alohida «Funktsiya va vazifalar» bo’limi tashkil etilib, davlat organlarining qonun hujjatlariga muvofiq funksiya va vazifalari to’g’risidagi ma`lumotlar bilan tanishish imkoniyati yaratildi.
«Xalq qabulxonalari manzillari» bo’limida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari to’g’risidagi ma`lumotlarga ega bo’lish mumkin. Barcha Xalq qabulxonalarining manzili, telefon raqamlari, elektron pochtasi, geolokatsiya ma`lumotlari va boshqa foydali materiallar qulay tartibda taqdim etilmoqda. Fuqarolar va tadbirkorlar kerakli Xalq qabulxonasi to’g’risidagi ma`lumotni O’zbekiston interaktiv xaritasi orqali topishi mumkin. Alohida olingan Xalq qabulxonasining joylashgan manzili onlayn xaritada yoki sun`iy yo’ldoshdan suratga olingan xarita rejimida ko’rsatilgan.
Virtual qabulxonaning yangi talqinida fuqaro murojaat yuborish jarayonida o’zi istiqomat qilayotgan mahallani ham ko’rsatib o’tishi uchun imkoniyat yaratildi. Bu muammoga yechim topish darajasini yanada oshiradi. Shu yo’l bilan murojaatda ko’tarilgan muammo muayyan hududdagi qaysi sektorga taalluqli ekani aniqlanadi.
Virtual qabulxonadagi yana bir yangilik – murojaatchilarning huquq va erkinliklarini ta`minlash maqsadida «Ta`qib haqida xabar» moduli joriy qilingani bo’ldi. Agar kimda-kim ariza yoki shikoyat bilan murojaat qilgani tufayli ta`qibga uchraydigan bo’lsa, bu haqda maxsus tugma orqali tezkor xabar berishi mumkin. Bunday xabarlar huquqni muhofaza qilish organlarini jalb etgan holda ustuvor va tezkor ravishda ko’rib chiqiladi.
Endi portalda fuqarolar o’z murojaatini yuborishdan avval murojaat yuborish qoidalari bilan tanishgani va bu borada qonunda belgilangan mas`uliyati to’g’risida xabardor ekanini tasdiqlovchi belgi qo’yadi. Bu murojaatchilarning ham mas`uliyatini oshirishga, murojaat madaniyatini yuksaltirishga turtki beradi.
Shu paytga qadar ayrim murojaatchilar tomonidan murojaat yuborish jarayonida boshqa shaxslarga tegishli bo’lgan yoki umuman mavjud bo’lmagan telefon raqamini ko’rsatish, boshqa fuqarolar nomidan murojaat yuborish holatlari uchrab turardi. Har bir murojaatni ko’rib chiqish muayyan vaqt va resurslarni talab qilishini, aniq maqsadsiz murojaat uchun sarflangan vaqtni boshqa asosli ariza yoki shikoyat ustida ishlashga yo’naltirgan holda muammoni hal qilish fuqarolar uchun ham, jamiyatimiz uchun ham har tomonlama foydali ekanidan kelib chiqib, yangi tizimda mobil telefon raqamini tasdiqlash mexanizmi joriy etildi.
Bunda murojaatchi maxsus murojaat shakliga o’z mobil telefon raqamini kiritadi. Shundan keyin murojaatchining mobil telefoniga bir martalik parol SMS-xabar shaklida yuboriladi. Natijada ham murojaat aniqligi va ishonchliligi ortadi, ham mobil telefon raqami tasdiqlanadi. Bu barcha davlat organlarining virtual qabulxonalari faoliyatiga ham tatbiq etiladi.
Shu paytgacha fuqarolar va tadbirkorlar o’z murojaatlari ko’rib chiqilishining joriy holatini istalgan vaqtda bazaga maxsus raqamni kiritish yo’li bilan tekshirib ko’rish imkoniyatidan foydalanib kelayotgan edi. Yangi talqindagi tizimda murojaatning qabul qilingani va nazoratdan yechilgani to’g’risida tasdiqlangan mobil telefon raqamiga SMS-xabarnoma yuborilishi yo’lga qo’yilmoqda.
Virtual qabulxonaning yangi talqinida davlat organlarining murojaatlar bilan ishlash sohasidagi faoliyati, ijobiy hal etilgan masalalar, virtual qabulxona va Xalq qabulxonalari to’g’risidagi yangiliklar bilan yanada kengroq tanishish imkoniyati yaratildi. Portalga kelib tushgan va ko’rib chiqilgan murojaatlarning umumiy sonini, statistik ma`lumotlarni real vaqt rejimida kuzatish imkoniyati mavjud.