Toshkent shahridagi Botanika bog‘ida Xotira va Qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 73 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tmoqda.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan urush va mehnat faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy diplomatik korpus vakillari ishtirok etmoqda.
Bog‘ bayramona bezatilgan. Sahna ortidagi monitorda xalqimizning urush davrida ko‘rsatgan matonati va jasorati, yovqur o‘g‘lonlarining mislsiz qahramonliklari aks etgan lavhalar namoyish qilinadi. Mardlik, ozod Vatan, tinchlik tarannum etilgan shiorlardan yuraklar junbushga keladi.
Bog‘ ichidagi maydonda 1941-1945 yillardagi muhit aks etgan. Qo‘mondonlik shtabi, okop va blindajlar, tibbiyot punkti, dala oshxonasi qurilgan, Ikkinchi jahon urushi davridagi harbiy texnika, qurol-aslaha namunalari joylashtirilgan. Jang maydonlarida askarlarimiz ko‘rsatgan mardlik va jasorat, urushdan qaytmagan minglab yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasi, ota-bobolarimizning front orti mehnat faoliyati aks etgan.