Taassurot va istak
Osori-antiqalarda o‘tmish qiyosi
Yangi islohotlar – muzey faoliyatida muhim omil
Ilmiy va xalqaro hamkorliklar
Asrga tutash maskan solnomasi
1918-yil besh yuzta shaxsiy to‘plam asosida tashkil etilgan muzeyning “O‘zbekiston xalq amaliy san’ati”, “O‘zbekiston tasviriy san’ati”, “Rossiya va G‘arbiy Yevropa davlatlari san’ati”, “Xorijiy Sharq mamlakatlari san’ati” deb nomlangan asosiy bo‘limlarda 98 mingdan ortiq ashyo va kolleksiya saqlanmoqda. Eng muhimi, bu yerda qadimgi Kushon davlati, Varaxshadagi Buxorxudodlar, Quvadagi buddaviylik ibodatxonasi, Afrosiyob va Axsikentdagi arxeologik qazilma ishlarida topilgan noyob buyumlar mavjudligidadir.
Muzeyning 1974-yili bunyod etilgan muhtasham to‘rt qavatli binosi moviy rangli oynalar, kirish va foyesi oppoq marmar qoplamalar bilan ko‘rk berilgan. Unga kiraverish va zinapoyalardagi me’moriy bezaklar qadimiy va zamonaviy uslubda namoyon bo‘lgan. Zallardagi qulayliklar ham aynan eksponatlar tarixiga monand. Bunday uyg‘unlik esa muzeyga yanada fusunkorlik baxsh etgan.
Muzey ekspozitsiyalari xronologik tartib va did bilan qo‘yilgan. O‘n to‘rt bo‘lim va 58 zalda joylashtirilgan eksponatlar davriylashtirilgan bo‘lib, ulardagi qadimiy osori-antiqalar, zargarlik, kandakorlik, gilamdo‘zlik, kashtado‘zlik, kulollik, me’morlik namunalari, qolaversa, tasviriy san’atimiz darg‘alarining eng sara asarlaridan tortib, Hindiston, Birma, Xitoy, Yaponiyadan keltirilgan suratlar, bronza, chinni, fil suyagidan ishlangan buyumlar va haykalchalar barchaning diqqat-e’tiborini tortadi.
Bugungi kunda o‘zbek, rus, ingliz, fransuz, nemis, xitoy, yapon, koreys va boshqa tillardagi 23 mingdan ortiq noyob kitob fondiga ega maskan kutubxonasi san’atshunosu talabalar va kitobsevarlar xizmatida. Bu yerda ma’ruzalar zali, kolleksiyalar haqidagi ma’lumotlarni beruvchi sensor kiosk, shuningdek, suvenir va antikvar buyumlar do‘koni ham mavjud.
Muzey fondida saqlanayotgan ashyo va kolleksiyalar 2013-2015-yillar inventarizatsiyadan o‘tkazilib, ularning har biri qayta hisobga olingan. Oltmishdan ortiq ishchi va ilmiy xodim mehnat qilayotgan jamoaning asosiy maqsadi bu yerdagi noyob fondni asrash va bu ma’naviyat va san’atimiz namunalarini halqqa targ‘ib qilish orqali ma’naviy yuksak avlodlarni tarbiyalashga munosib hissa qo‘shishdir.
Davomi bor. Saytimizni kuzatib boring.