O’zbekistonda o‘tkaziladigan an’anaviy festivallarning doimiy aniq sanalari belgilanadi

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Iyun 5, 2024

O’zbekistonda o‘tkaziladigan an’anaviy festivallarning doimiy aniq sanalari belgilanadi

Ma’lumki, O‘zbekiston o‘zining boy madaniy tarixi va qadriyatlari bilan azaldan dunyo xalqlari sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shib, g‘arb va sharq madaniyati uyg‘unlashuvida o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘tab kelgan.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilgan ochiqlik siyosati, dunyo mamlakatlari bilan savdo, iqtisodiy-gumanitar hamda ijtimoiy aloqalarning rivojlanishi natijasida boy madaniy tarix va qadriyatlarimizga bo‘lgan qiziqish har qachongidanda ortib bormoqda.

Ushbu jarayondagi e’tiborga molik yana bir muhim jihat bu – turizm xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va infratuzilmasini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar hamda sohani yanada taraqqiy ettirishga qaratilgan huquqiy hujjatlarning qabul qilinishidir. Jumladan, o‘tgan yetti yil davomida 100 ga yaqin mamlakat fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim tizimi joriy qilingan. Yana bir qator mamlakatlar fuqarolari uchun elektron shaklda viza olish imkoniyatlari yaratildi.

Shuningdek, 2023 yil oktyabr oyida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon turizm tashkiloti forumi doirasida 2 milliard 300 million dollarlik investitsiyaviy kelishuvlarga erishildi. Ularning aksariyatini turizm infratuzilmasini rivojlantirish, yangi maskanlar barpo etishga qaratilgan loyihalar tashkil etadi.

Xususan, xorijiy investorlar tomonidan Shahrisabz tumani G‘elon va Sarchashma qishloqlari orasida 3 ming gektarli tog‘-chang‘i majmuasi tashkil qilish boshlandi. Miraki qishlog‘i bo‘yicha ham master-reja ishlab chiqilmoqda. Sababi, bu tumanning tarixi ham, tabiati ham diqqatga sazovor. Qolaversa, Shahrisabz shahri Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 2024 yildagi turizm poytaxti, deb e’lon qilindi.

BMTning Jahon turizm tashkiloti (UNWTO) ma’lumotiga ko‘ra, turizm ayni damda dunyoda turli siyosiy va iqtisodiy nizo va qarama-qarshiliklar ro‘y berayotgan bo‘lishiga qaramasdan barqaror rivojlanib borayotgan yo‘nalishlardan biri sanaladi. Tahlillar so‘nggi yillarda rivojlangan mamlakatlarda yaratilgan har 10 ta ish o‘rnining 1 tasi turizm yo‘nalishiga to‘g‘ri kelayotganligini ko‘rsatmoqda. Shu bois, mamlakatimizda ham soha rivojiga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Ammo yurtimizning boy tarixi, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lamini hisobga olsak, erishilgan natijalar kishini quvontiradigan darajada, deb bo‘lmaydi.

Joriy yilning 3 iyun kuni Prezidentimiz raisligida hududlarda turizm infratuzilmasini yaxshilash va xorijiy turistlar oqimini ko‘paytirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi va unda belgilab berilgan chora-tadbirlar mazkur soha rivoji uchun ko‘plab imkoniyatlar berishi bilan yanada ahamiyatlidir.

Jumladan, 2024 yilda Shahrisabz shahri va Shahrisabz tumanida turizm klasteri tashkil qilinadi. 33 kilometrli Hisorak – G‘elon va Hisorak – Sarchashma yo‘li kengaytirilib ta’mirlanadi. Shuningdek, “Chiroqchi – Sho‘rquduq” avtomobil yo‘li yaxshilanib, Samarqanddan Shahrisabzga qatnov vaqti qisqaradi.

E’tiborli jihati barcha ishlar ilmiy yondashuv va mavjud tabiiy sharoitlardan unumli foydalangan holda amalga oshiriladi. G‘elondan o‘tuvchi Oqsu daryosida quvvati 24 megavattli 3 ta gidroelektr stansiya ishga tushiriladi. Natijada turizm klasterida elektrdan muammo bo‘lmaydi.

Bu kabi loyihalar Ohangaron, Urgut, Nurota, Yangiqo‘rg‘on, Pop, Chortoq, Boysun, Sariosiyo, Baxmal, Farg‘ona kabi turizm salohiyati yuqori 20 ta tumanda ham amalga oshiriladi. Albatta, soha rivojidagi yana bir muhim o‘lchov bu kadrlar masalasidir. Ushbu muammoni hal qilish maqsadida Shahrisabz turizm texnikumida Shveysariya dasturi asosida yiliga 100 nafar mutaxassis tayyorlab boriladi.

O‘zbekistonning iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda har bir mavsum imkoniyatlaridan samarali foydalanish juda muhim. Misol uchun yurtimizda yoz kunlarida akvapark va basseynlarga talab oshishi tabiiy. Sohaga ajratilgan mablag‘lar doirasida mehmonxonalarda basseynlar qurilmoqda. Lekin hududlarda turistlarni o‘ziga tortadigan zamonaviy akvaparklar mavjud emas.

Shuningdek, tabiiy ko‘llar atrofidagi turizm imkoniyatlari ham ishga solinmayapti. Masalan, Mirishkor tumanidagi Sechanko‘l va Achinko‘l bo‘yida birorta dam olish maskani yo‘q. Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi ovchilik va ekoturizm uchun juda qulay. Bugungi kunda ushbu imkoniyatlardan hududga yaqin aholi maskanlarida yashovchi fuqarolargina foydalanmoqda. Endilikda, hududlarda akvaparklar qurish hamda ko‘llar bo‘yida loyihalar qilish uchun yerlar auksionga chiqariladi.

Ma’lumki, pandemiyadan keyin tibbiyot va sog‘lomlashtirish turizmiga talab kuchaygan. Yurtimizdagi sanatoriy va tibbiy muassasalarda o‘tgan yili 60 mingdan ziyod xorijiy turist davolangan. Ammo, ushbu yo‘nalishga talab ortgani bilan oxirgi besh yilda tashkil qilingan xususiy klinikalarning atigi ikkitasi xalqaro akkreditatsiyaga ega. Sababi, tibbiy turizmning o‘zidan yiliga 300 million dollar eksport qilish imkoni bo‘la turib bizda tibbiyot va sog‘lomlashtirish turizmini uyg‘unlikda rivojlantirish bo‘yicha yaxlit yondashuv ishlab chiqilmagan. Shu bois, yig‘ilishda Janubiy Koreya, Turkiya va Hindiston tajribalari asosida “Tibbiy xizmatlar mehmondo‘stligi” dasturini boshlash zarurligi aytib o‘tildi.

Ya’ni endilikda xususiy klinikalarning xalqaro akkreditatsiyadan o‘tish, xorijiy ko‘rgazmada qatnashish xarajati byudjetdan qoplab beriladi. Klinikalarga kelgan chet elliklar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i qaytarib berilib, xorijga borib, targ‘ibot-diagnostika xizmatini ko‘rsatgan shifokorlarning transport va yashash xarajatlari qoplab beriladi.

Shuningdek, sohadagi eng og‘riqli muammolardan biri hal qilinib, an’anaviy festivallarning doimiy aniq sanalari belgilanadi. Ma’lumki, turizm sohasi rivojlangan ko‘plab mamlakatlarda an’anaviy festivallar doimiy bir vaqtda o‘tkazib kelinadi. Bizda bu kabi festivallarning aniq vaqti ma’lum qilinmaganligi ham sayyohlar oqimiga salbiy ta’sir qilib kelayotgan edi. Sababi, ular o‘z turizm marshrutlari yo‘nalishini belgilashda ana shunday festival sanalariga alohida e’tibor qaratishadi.

Shu bilan birga, yig‘ilishda turizm rivojining muhim qon tomiri sanalgan transport masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, Transport vazirligiga xalqaro reyslarni ko‘paytirish, barcha qatnovlar haqida ma’lumot va chipta olish imkonini beradigan yagona onlayn platformani ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

O‘ylaymizki, yig‘ilish kun tartibida belgilab berilgan vazifalar 2024 yilda mamlakatimizga 11 million xorijiy sayyohni jalb qilish rejasini ortig‘i bilan bajarish hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlaridan kelib chiqqan holda yaqin yillar ichida xorijiy turistlar sonini 15 millionga, ichki sayyohlar sonini 25 millionga, ziyorat turizmi bo‘yicha keladigan turistlar sonini esa 3 million nafarga yetkazish imkonini beradi.

Eng muhimi, soha rivoji mamlakatimiz iqtisodiy imkoniyatini yanada kengaytirish va aholi turmush farovonligini yuksaltirishga ham munosib hissa qo‘shadi. Zero, bu sohaga yo‘naltiriladigan har bir dollar kelgusida uch-to‘rt barobar daromad keltiradi.

Muzafara ABDIEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Manba: O‘zA