O‘zbekistonda Yevropa iqtisodiyoti kunlarining birinchi kungi tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Yevropa – O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi (EUROUZ) va qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda mahalliy va xorijiy ekspertlar, biznes vakillari, mutaxassislar ishtirok etdi.
Tantanali marosim avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ishtirokchilarga yo‘llagan murojaati Prezident maslahatchisi Ravshan G‘ulomov tomonidan o‘qib eshittirildi. Unda birinchi marotaba o‘tkazilayotgan ushbu tadbir Yevropa bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va kooperatsiya aloqalarini yanada mustahkamlashga katta hissa qo‘shishi va davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikning potensialini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Shuningdek, Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen o‘z video murojaatida O‘zbekistonning jahon savdosi va investitsiyalaridagi o‘sib borayotgan rolini, mamlakatning strategik, geopolitik ahamiyati va katta potensialini qayd etdi. U Yevropa Ittifoqining axborot texnologiyalari, tabiiy resurslarni qazib olish va qayta ishlash, yo‘l va transport infratuzilmasini rivojlantirish sohasida hamkorlikni kengaytirishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu yangi korxonalarni ochish va ish o‘rinlarini yaratish, transport, logistika yo‘nalishlarini birgalikda rivojlantirish imkonini beradi.
Tadbir ochilishida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar va boshqalar tomonlar o‘rtasidagi bu kabi o‘zaro manfaatli va do‘stona aloqalar yangi imkoniyatlar yaratish, sheriklikni mustahkamlash hamda iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Aytib o‘tilganidek, mamlakatimizda investitsiya va biznes muhitini yaxshilash borasida olib borilayotgan ishlarni va tovar ayirboshlash hajmini oshirish, transchegaraviy transport yo‘nalishlarini rivojlantirish, shuningdek, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, farmatsevtika va kimyo sanoatlari sohalarida yangi biznes-g‘oyalarni ishlab chiqish bo‘yicha qator chora-tadbirlar ko‘rilyapti. O‘z navbatida, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi 30 milliard dollardan ortiq qiymatga ega qo‘shma loyihalarni amalga oshirayotgani ham bu ishlar ko‘lamini yanada kengaytiradi.
– Biz hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha samarali muloqot uchun platforma taqdim etishdan juda mamnunmiz. O‘zbekistonda Yevropa iqtisodiyoti kunlari ochiq muhokama maydoni shaklida o‘tkazilmoqda. Mazkur tadbir ikki kun davomida ishtirokchilarni 15 dan ortiq panel sessiya, diskussiya va davra suhbatlarida ana shunday hamkorlik maqsadlarida birlashtiradi. UEI va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun hal etish kerak bo‘lgan masalalarni qamrab olgan. Eng muhimi, bu uchrashuv iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish uchun eng qisqa yo‘lni topishga yordam beradi, – dedi Yevropa va O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi bosh kotibi Oybek Shayxov.
Tadbirda so‘zga chiqqan “SUEZ” kompaniyasi bosh direktori Pol Burdillon ham ushbu nufuzli tadbirda ishtirok etayotganidan behad mamnun ekanini aytib o‘tdi.
– Bugungi kunda suv resurslari va oqova suvlarni boshqarish muhim masalalardan. Bunday ishlar nafaqat yirik shaharlar, balki mintaqalarda ham amalga oshirilmoqda. Aytish joizki, bu borada uzoq muddatli yechimlarni ishlab chiqish zarur. Mazkur jarayonlarda biz ishtirok etayotganimizdan faxrlanamiz. Menimcha, bizning tashkilotimiz yurtingizda juda yaxshi faoliyat olib boryapti. O‘zbekistonda aholi o‘sishini va iqtisodiy o‘sishni ko‘rib turibmiz. Bundan tashqari, iqlim o‘zgarishi kabi muammolar ham kuzatilyapti. Suv resurslarini boshqarish sohasini alohida ta’kidlash lozim. Umuman, bu sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi kabi sohalarga bevosita bog‘liq. Ushbu masalalar O‘zbekistonning strategik sohalarini ham qamrab oladi. Hukumatning kelajak uchun qo‘ygan ustuvor vazifalari aniq belgilab berilganiga ham guvoh bo‘ldik. Biz o‘zbek hamkorlarimiz bilan suv resurslarini boshqarish salohiyatini oshirish bo‘yicha ishlayapmiz. Shu bilan birga, qo‘shma boshqaruv loyihalarini ham tatbiq etyapmiz. Bu loyihalar Toshkent va uning atrofini qamrab oladi. U bir yil oldin boshlangan edi. Demak, bugungi tadbir ishlarimizni davom ettirishda qo‘l keladi, – dedi P.Burdillon.
O‘zA