O‘zbekiston raqamli televideniyega o‘tish jarayonini yakunlamoqda

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Yanvar 30, 2018

O‘zbekiston raqamli televideniyega o‘tish jarayonini yakunlamoqda

O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligidan ma’lum qilishlaricha, mamlakatimiz aholisini raqamli teleko‘rsatuvlar bilan qamrab olish darajasi 100 foizga yetdi. Bu O‘zbekistonda yer usti analog teleko‘rsatuvlari davri yakunlanayotganidan dalolat beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 17-iyuldagi «Raqamli teleeshittirishlarga o‘tish va yer usti analog teleeshittirishlarni to‘xtatishga doir amalga oshiriladigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan jadval asosida O‘zbekistonning barcha hududlarida yer usti analog ko‘rsatuvlarning bosqichma-bosqich to‘xtatilishi amalga oshiriladi. Birinchi navbatda, analog signal uzatish Toshkentda, 2018-yilning 5-dekabriga qadar esa butun mamlakat bo‘ylab bosqichma-bosqich to‘xtatiladi.

Mamlakatimizdagi barcha aholi punktlarining raqamli teleko‘rsatuvlar bilan qoplanishini ta’minlash maqsadida 500 ga yaqin turli quvvatdagi uzatgichlar jamlanmasi o‘rnatildi. Bundan tashqari, xorijiy sun’iy yo‘ldosh aloqa operatorining muayyan segmentini ijaraga olish hisobiga aholi uchun raqamli teleko‘rsatuvlar xizmatidan keng foydalanish taqdim etildi va olis, borish qiyin bo‘lgan aholi punktlariga ham davlat teleradiodasturlarining ommabop ijtimoiy paketini yetkazish amalga oshirildi.

Raqamli televideniyedan bahra olishni istagan oddiy tomoshabin televizorida DVB-T2 standarti mavjudligini tekshirib ko‘rishi zarur. Hozirgi kunda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan aksariyat zamonaviy televizorlarga ushbu standartni qo‘llab-quvvatlovchi raqamli tyunerlar o‘rnatilgan. Unga qo‘shimcha ravishda oddiy antenna talab qilinadi.

Mamlakatimizda nafaqat raqamli signalni qabul qilish, balki Smart-TV va IP-TV texnologiyalarini ham qo‘llab-quvvatlovchi eng so‘nggi rusumdagi televizor modellari ishlab chiqarilmoqda. Eski televizor modellari sohiblari uchun maxsus «O‘zeltexsanoat» AK korxonalari tomonidan besh yil mobaynida 3 million dona raqamli televizion signallarni qabul qiluvchi moslama ishlab chiqariladi. Bu esa ularning ham raqamli teleeshittirishlar imkoniyatlaridan to‘laqonli foydalanishiga imkon beradi.