9-fevral – Alisher Navoiy tavallud topgan kun
Alisher Navoiy bundan besh asr oldin tillarning o‘zaro chog‘ishtirma tadqiqiga asoslangan “Muhokamatu-l-lug‘atayn” (“Ikki til muhokamasi”) monografiyasi bilan dunyo tilshunosligida mutlaqo yangi ilmiy yo‘nalish – komprativistikaga asos solgan edi. Shu bois Navoiy ilmiy tafakkurining gultoji hisoblangan ushbu tadqiqot o‘zbek fani tarixida ham tengsiz maqomga ega. Ushbu asar bizgacha yetib kelgan ilmiy ishlar orasida o‘zbek tilida yaratilgan birinchi sof lingvistik ilmiy-tadqiqotdir.
“Muhokamatu-l-lug‘atayn” asarining to‘rtta qo‘lyozmasi bizgacha yetib kelgan bo‘lib, uning birinchi nusxasi Istanbuldagi To‘pqopi saroyi muzeyi Revan kutubxonasida saqlanadi. Taxminlarga ko‘ra, u mavjud nusxalarning eng eskisidir. Asarning yana bir nusxasi Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasining Fotih bo‘limidagi Navoiy kulliyotidan o‘rin olgan. 1526 – 1527 yillarda ko‘chirilgan Parij nusxasi u yerdagi Milliy kutubxonada va to‘rtinchisi esa Budapeshtda saqlanmoqda.
– Yaqinda ana shu asarning yangi nashri turkiy tillar tarixining bilimdonlaridan biri Qosimjon Sodiqov tahlili, tabdili va talqini ostida chop etildi, – deydi filologiya fanlari doktori Qudratulla Omonov. – “Akademnashr”da chop etilgan mazkur kitobda asarga bag‘ishlangan tadqiqot, “Muhokamatu-l-lug‘atayn”ning ilmiy transkripsiyasi, hozirgi o‘zbek tiliga soddalashtirilgan o‘girmasi, asarda ishlatilgan ilmiy atamalar so‘zligi berilgan. Ilova sifatida Parij va To‘pqopi nusxalarining faksimili ham keltirilgan. Turkologiyadagi eng so‘nggi ilmiy qarashlarga tayanilgan kitobda so‘zlarning o‘qilishi, talaffuz shakllarida o‘zgarishlar kiritilgan. Asar matni lotin alifbosi asosidagi xalqaro ilmiy transkripsiyada berilgan bo‘lib, bu Navoiy asarlari birinchi bor ana shu transkripsiyada ilmiy tatbiq etilishi muhim ahamiyatga ega.