Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida «Orzu laynerlari O‘zbekiston sari» deb nomlangan hujjatli film namoyishi bo‘lib o‘tdi.
«O‘zbekkino» milliy agentligi tomonidan suratga olingan mazkur hujjatli film mustaqillik yillarida «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasining bosib o‘tgan shonli yo‘li va uning faoliyatiga bag‘ishlangan. Film taniqli jurnalist Boris Boboyev, rejissyor Dilshod Nazirov va operator Anvar Azizxo‘jayev ijodiy hamkorligida tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi.
«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi o‘zining zamonaviy aeroportlari va samolyotlari, yuqori malakali uchuvchilari va xalqaro talablarga mos xizmat ko‘rsatish darajasi bilan o‘z nufuziga ega. Sohaga qaratilayotgan e’tibor tufayli bugungi kunda zamonaviy havo kemalari, xususan, Boing-787 (Dreamliner) samolyotlari bilan ta’minlangan Milliy aviakompaniya xalqaro aviatashuvlar tizimida munosib o‘rin egallaydi. “O‘zbekiston” yozuvi tushirilgan avialaynerlar dunyoning ko‘plab davlatlariga parvozlarni amalga oshirayotgani e’tiborga loyiqdir.
– «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi ravnaqi va faoliyatini yoritib beruvchi mazkur film barchaga manzur bo‘ladi, degan umiddamiz, – deydi film muallifi B.Boboyev. – Chunki u Milliy aviakompaniyamizning ish tartibi, uning jamoasi, uchuvchilari va yo‘lovchilar haqida. Qolaversa, filmda keyingi yillardagi o‘zgarishlar va yurtimiz havo yo‘llarida Boing-787 (Dreamliner) samolyotlari o‘z o‘rniga ega bo‘lib borayotganiga ham alohida e’tibor berilgan. Milliy aviakompaniyaning yetakchi mutaxassislari, uchuvchilar, yo‘lovchilar, «Boing» korporatsiyasi mutaxassislari fikrlari filmning mazmun-mohiyatini yanada ochib beradi.
Tadbir ishtirokchilari «Orzu laynerlari O‘zbekiston sari» hujjatli filmining yaratilishi haqida o‘z fikr-munosabatlarini bildirdi.