Toshkent shahridagi Inha universitetida belaruslik mutaxassislar ishtirokida tashkil etilgan seminar shu mavzuga bag‘ishlandi. Unda g‘oyalarni muvaffaqiyatli startapga aylantirishning asosiy bosqichlari, AT-loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish masalalari muhokama etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti, Toshkentdagi Inha universiteti talabalari va o‘qituvchilari, jurnalistlar ishtirok etdi.
Innovatsiyalar iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va raqobatbardoshliligini oshirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Kichik firmalar va hozirda O‘zbekistonda shiddat bilan rivojlanib borayotgan startaplar ularni harakatga keltiruvchi asosiy kuch hisoblanadi. Innovatsiya texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish barqaror va muntazam iqtisodiy rivojlanishning muhim shartlaridan biridir. Zaif va yashashga yaroqsiz tashabbuslardan voz kechish uchun startapchilar ilk bosqichlardanoq o‘z g‘oyalariga jiddiy talab qo‘yishi zarur. Buning uchun imkoniyatlar va loyiha istiqbollarini aniqlash imkonini beruvchi yaxlit mezonlar tizimi mavjud.
Seminarda startaplar faoliyatini tashkil qilish, xodimlar tanlash, rag‘batlantirish, shuningdek, g‘oya yoki mahsulotning so‘nggi ko‘rinishi haqida so‘z yuritildi. Tinglovchilarda, ayniqsa, faoliyatini endi boshlayotgan tadbirkorlar tomonidan yo‘l qo‘yiladigan, hatto eng yaxshi innovatsion g‘oya bilan ham muvaffaqiyatsizlikka uchrash mumkin bo‘lgan xatolar haqidagi ma’ruza alohida qiziqish uyg‘otdi.
Bundan tashqari, tadbir ishtirokchilari tomonidan innovatsion ishlanmalar yaratishga ixtisoslashgan startaplar ilmiy tadqiqotini amalga oshirishning o‘ziga xosliklari va to‘siqlari muhokama qilindi, startaplar rivojlanishi uchun moliyaviy mablag‘ jalb etishning turli yo‘l va usullari, shuningdek, loyihalarni amalga oshirish uchun yirik AT-korxonalar bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari taqdim etildi.