“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida YUNESKO kafedrasi ochildi

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Oktabr 4, 2024

“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida YUNESKO kafedrasi ochildi

Samarqanddagi “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “Ipak yo‘li moddiy madaniy merosini o‘rganish va saqlashning dolzarb masalalari” mavzusida birinchi xalqaro ilmiy-amaliy simpozium o‘z ishini boshladi.

YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, “Ipak yo‘li” xalqaro tadqiqot instituti hamda “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti hamkorligida tashkil etilgan anjumanda qadimiy Buyuk ipak yo‘lida joylashgan 20 ga yaqin mamlakat restavrator va olimlari, arxitektura sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar ishtirok etmoqda.

Simpoziumning ochilish marosimida YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi mazkur tadbirni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad va vazifalar, dunyo mamlakatlari, xususan, qadimiy Buyuk ipak yo‘li o‘tgan davlatlardagi moddiy madaniy meros ob’ektlarini asrab-avaylash borasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtaldi. 

– Samarqand azaldan uzoq yillik o‘tmishi, bir necha asrlik tarixiy obidalarga boyligi bilan dunyo nigohida bo‘lib kelgan, – deydi Sara Noshadi. – Shu bois ilk xalqaro simpoziumni ko‘hna kentda tashkil qildik. Mazkur anjumanda arxitektura va arxeologiya yodgorliklarini konservatsiya, restavratsiya kilish va muzeylashtirish tajribasi hamda mamlakatlarining moddiy madaniy merosini saqlash va ommalashtirishning zamonaviy usullari mutaxassislar tomonidan muhokama etilib, eng yaxshi loyihalar Ipak yo‘li bo‘yida joylashgan mamlakatlar moddiy merosini saqlab qolish uchun amalda tatbiq etiladi.

O‘zbekiston ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri, “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti rektori Aziz Abduhakimovning konferetsiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida qayd etilishicha, bugungi kunda mamlakatimizda 8210 ta moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ekti davlat muhofazasiga olingan. Ularning 4788 tasi arxeologiya, 2265 tasi arxitektura ob’ektlari, 625 tasi monumental san’at asarlari, 530 tasi diqqatga sazovor joylardir. Yurtimizda madaniy meros ob’ektlarini tiklash va ta’mirlash ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda va bunga o‘z ishining yetuk mutaxassislari, xalq ustalari va xorijlik mutaxassislar jalb etilmoqda. Shu bilan birga oliy o‘quv yurtlarida “Arxitektura yodgorliklari rekonstruksiyasi va restavratsiyasi”, “Muzeyshunoslik”, “Arxeologiya” ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda.

“Ipak yo‘li” xalqaro tadqiqot instituti direktori Mavluda Yusupova ham yurtimizda madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish, ulardan turistik ob’ekt sifatida foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi vazifalar haqida so‘z yuritdi. 

Xalqaro anjuman doirasida “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida YUNESKOning Ipak yo‘li bo‘ylab barqaror meros turizmi kafedrasi ochildi. 

– Ushbu kafedrani tashkil qilishdan maqsad Ipak yo‘li moddiy madaniy merosini, jumladan, mamlakatimizdagi moddiy va nomoddiy madaniy meros ob’ektlarini asrab-avaylash hamda turizm ikoniyatlarini kengaytirishdan iborat, – deydi ushbu kafedra hamraisi Mastura Siddiqova.–  Shuningdek, yurtimizga kelayotgan sayyohlar oqimini ko‘paytirish, xalqaro universitetlar professor-o‘qituvchilari bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlash, grant loyihalarni amalga oshirish va turizm mahsulotlarini ko‘paytirish rejalashtirilgan.

Simpoziumda mahalliy va xorijlik mutaxassislar, olimlar tomonidan Ipak yo‘li madaniy meros ob’ektlarini restavratsiya va konservatsiya qilish, tasviriy va bezak san’ati masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashilmoqda.

O‘zA