O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasida ishtirok etayotgan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov konferensiya yuzasidan fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
O‘zbekiston Prezidentining mintaqada barqarorlikni ta’minlashga doir tashabbusi Afg‘onistondagi vaziyatni tinch muzokaralar yo‘li bilan hal qilishda muhim qadam bo‘ladi. Bu g‘oyani Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ham qo‘llab-quvvatladi. Konferensiyada Afg‘onistonga qo‘shni barcha davlatlar vakillari qatnashdi. Chunki bu muammoni ularning ishtirokisiz bartaraf etib bo‘lmaydi. Ayni paytda konferensiyada Yevropa va fors ko‘rfazi davlatlari vakillari ham ishtirok etgani diqqatga sazavordir. Biz Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish, uning iqtisodiyotini qayta tiklash yo‘lidagi har qanday sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaymiz.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi Afg‘oniston hukumati va mamlakat ichidagi asosiy siyosiy kuchlar o‘rtasida oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Buni bugun Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani ham alohida ta’kidladi. Konferensiya bu borada aniq amaliy qadamlar tashlash imkonini yaratdi.
Bu tashabbusni amalga oshirish uchun konferensiya doirasini kengaytirish maqsadga muvofiq, deb o‘ylaymiz. Afg‘onistonda tinch va osoyishta hayot xukm surishi, ushbu mamlakat terrorchilik, narkotrafik va boshqa xatarlardan holi bo‘lishi barchamizning milliy manfaatlarimizga javob beradi.