Qadimda azim kent ichida biron-bir ixcham shaharcha quriladigan bo‘lsa, odatda, uni “Yangi shahar” deb atashgan. Davr o‘zgardi, zamonaviy me’morchilik, urbanizatsiya degan atamalar paydo bo‘ldi. Inson tabiati noziklashdi. Xizmat turlari ko‘paydi. Yangi shaharlar qurilishida yangi loyihalar, yangi qurilish usullari, yangi yondashuvlar paydo bo‘lmoqda. Endi “Yangi shahar” o‘rniga shahar nomiga inglizcha “Siti” (shahar degan ma’noni anglatadi) so‘zi qo‘shilib aytiladigan bo‘ldi: “London-Siti”, “Moskva-Siti”, “Anqara-Siti”, “Boku-Siti”. O‘zbekiston poytaxtida ham endi “Toshkent-Siti” degan shaharcha qurilishi boshlandi.
«Toshkent-Siti» poytaxtimiz markazidagi 80 gektar maydonni egallaydi, faqat binolar quriladigan yer sathining o‘zi 1 million 400 ming kvadrat metr. Shu paytgacha bu yerda yashagan 2 ming aholi, butun boshli mahalla boshqa joyga ko‘chirilmoqda.
«Toshkent-Siti» O‘zbekiston poytaxtining qoq markazida – bir tomonidan “Kinochilar uyi” deb yuritilgan, Islom Karimov prospektidagi O‘zbekiston kinematografchilar uyushmasi, kinozallar joylashgan binodan boshlanib, to Xadra maydoni, Alisher Navoiy shoh ko‘chasiga qadar bo‘lgan hududda qad rostlaydi. “Toshkent-Siti” reja bo‘yicha 4 yilda – 2021-yilga qadar qurib bitkazilishi lozim.
To‘g‘ri, Toshkentda ilgari O‘zbekiston ko‘chasida o‘tgan asrning 70-80 yillarida qad ko‘targan binolar ansambllari, mustaqillik davrida sobiq G‘alaba istirohat bog‘i va ko‘li chetida qurilgan Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki binosi, turkiyalik quruvchilar barpo etgan ko‘p qavatli zamonaviy mehmonxona va boshqa xizmat ko‘rsatish binolari majmualari ham barpo etilgan edi.
«Toshkent-Siti»ni qurish tanlovida o‘nlab yirik loyihachi guruhlar ishtirok etdi. Tanlovda Buyuk Britaniyaning ARUP konsultativ firmasi g‘olib chiqdi. Mazkur firma butun dunyo bo‘yicha ma’muriy ofis binolari, Siti shaharlar, dam olish, hordiq chiqarish maskanlari va sanoat inshootlarini loyihalash va qurish bo‘yicha ixtisoslashgan.
Odatda, Sitilarning 10-, 20-, 30- yoki boshqa bir istagan qavatda osma bog‘lari bo‘lgan, rosmana gul va daraxtlar o‘sayotgan, favvoralari otilib turgan, yashash, mehnat qilish, dam olish, hordiq chiqarish uchun nihoyatda qulay bo‘lgan mehmonxona va ofis binolari, yuqori qavatlarga ilon izi yo‘liday qavatma-qavat o‘zi yurib chiqadigan yoki liftda ko‘tarib tushiriladigan avtomashina garajlari bo‘ladi.
«Toshkent-Siti»dagi har bir bino qurilishida serquyosh O‘zbekiston, Toshkentning keskin kontinental iqlimi: yozdagi jaziramasi, qish qahratoni havosi sharoitida juda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan oftobning qaysi tomondan chiqishi, orbita bo‘ylab yo‘nalishi, botishi, bino xonalaridagi toza va mo‘tadil havoni ta’minlash hisobga olinmoqda. Loyiha bo‘yicha ayni tush paytida quyoshning jazirama nurlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri deraza oynalariga tik tushmaydi. Binoning ichi tabiat fasllariga monand qishda issiq, yozda salqin bo‘lishi ta’minlanadi. Zamonaviy qulaylik yaratib beradigan havoni isitish va sovutish uskunalaridan ham unumli foydalaniladi. Ko‘zni qamashtiradigan quyosh nurlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuzga yoki deraza oynalariga urilmaydi. Har bir binoning turgan joyi, xona va derazalari soyaga yoki yorug‘likka qarab joylashishi alohida e’tiborga olinmoqda.
Siti qurilishi O‘zbekistonda ko‘p qavatli binolar barpo etish tajribasi, amaliyotini yangi pog‘onaga ko‘taradi. Toshkent seysmik zonasiga moslashtirilgan mustahkam, chidamli va bexatar binolar qad rostlaydi. Axir zilzila ko‘p bo‘ladigan Tokio, Shanxay, Pekinda ham 60-70 qavatli binolar qurish amaliyoti avjida-ku?!
«Toshkent-Siti» majmuasida alohida maktab va maktabgacha tarbiya muassasalari hududi bo‘ladi. O‘qish bu yerda ehtiyojga qarab o‘zbek, ingliz, rus, xitoy, hind va boshqa Sharq va Yevropa tillarida olib boriladi. So‘zsiz ta’limda zamonaviy axborot-kommuniksiya texnologiyalaridan keng foydalaniladi.
Dam olib, madaniy hordiq chiqariladigan alohida xiyobonlar hududini yaratish ko‘zda tutilgan.
Restoran, kafelardan iborat alohida umumiy ovqatlanish korxonalari hududi ham barpo etiladi. Aytgandek, taomnoma ham Yevropa, ham Sharq xalqlari taomlari va, albatta o‘zbek palovi, ko‘k somsasi, kabobi, qaynatma sho‘rvasiyu qovurma lag‘monidan iborat bo‘ladi. Dasturxonda qishin-yozin uzum, olma, shaftoli, o‘rik, anor deysizmi, qovun-tarvuz deysizmi, barchasi muhayyo bo‘ladi. Buxoroning qo‘li gul zardo‘zlari tillo ipi bilan tikkan buyumlar, Namangan xonatlasiyu banoraslari, kulolchilik, zargarlik, qandolatchilik mahsulotlari hammasi bisyor bo‘ladi. Bularni mehmonlar o‘zi bilan olib ketishiga imkoniyat yaratiladi.
Sarf qilinadigan mablag‘lar ham chakana emas. 45-50 qavatli mehmonxona va ofis binolarining har biri ko‘pi bilan 250 million dollarga tushadi. Bularga sarflangan mablag‘lar bir necha bor ortiqroq qilib oqlanishi kerak. O‘zimizning mebelchilarimiz hozir importdan qolishmaydigan darajada mehmonxona, yotoqxona, oshxona, ofis mebellarini ishlab chiqarmoqda. Asosan chet ellik mehmonlar yashaydigan, ishlaydigan «Toshkent-Siti»ning shartlari, talabi yanada yuqori bo‘ladi. Shu sababli ular milliy hunarmandligimizni o‘zida aks ettirgan chiroyli, o‘ta mustahkam, juda qulay mebellar tayyorlab berishi kerak.
«Toshkent-Siti»da 40-45 qavatli 2 ta bank binosi va 230 o‘rinli 5 yulduzli mehmonxona, kongress-xoll qad ko‘taradi.
«Toshkent-Siti»ning qurilishiga 3-5 milliard dollar miqdorida mablag‘ sarflanishi mo‘ljallanmoqda.
Sitida innovatsiya bog‘i, sport maydonchalari, voleybol, tennis kortlari, maxsus yugurish yo‘lagi qurilishi ko‘zda tutilgan.
«Toshkent-Siti» biznes markazi majmuasida hamma narsa muhayyo etiladi. Xizmatning barcha turini uzoqqa bormay, hatto binodan tashqariga chiqmay, yaqin va qulay joyda, binoning o‘zida yoki shundoqqina yonida bajarish imkoniyati paydo bo‘ladi. Majmuada investorlar uchun barcha qulaylik yaratiladi. Valyuta ayirboshlashmi, restoran, kafe, internet-magazinmi, turli rusumdagi yengil avtomobil yoki boshqa bir texnika vositasini yollash, ijaraga olish punktimi, sauna, kiyim tozalash, soch-soqol olish, qo‘yingki, istagan narsangizni shu yerning o‘zida topasiz.
Bizning Siti biznes markazimiz dunyodagi eng zo‘r, yuqori malakali, yuksak madaniyatli, tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatadigan markaz bo‘lishi kerak. Yana shuni alohida ta’kidlash joizki, dunyoda Siti shaharchalari o‘rtasida xizmat ko‘rsatish bo‘yicha juda katta raqobat mavjud. Ayrim rivojlangan davlatlar iqtisodiy-moliyaviy taraqqiyotining manbai ham ana shunda!
«Toshkent-Siti»da alohida savdo hududi barpo etiladi. Sifatli ko‘rsatilgan xizmat, avvalo, ko‘p mehnat va, hayron bo‘lmang, mehr, qolaversa, albatta, nozik va puxta ijodiy yondashuvni talab qiladi. Bu xizmat, tan olish kerak, qimmat turadi, lekin o‘zidan ajoyib taassurot qoldiradi. Demak, Toshkent Sitida ko‘rsatilgan xizmat dunyoning eng yirik shaharlaridagi eng zo‘r Sitilardagi xizmatdan ham yuqoriroq va sifatliroq bo‘lishi, zo‘rroq ijobiy taassurot qoldirishi kerak. Shundagina tadbirkor, ishbilarmon, biznesmenda yana O‘zbekistonga, Toshkentga, «Toshkent-Siti»ga qaytish ishtiyoqi paydo bo‘ladi.
Biznesmen, ishbilarmon, tadbirkor hayotda rosa pishgan, ko‘proq tahliliy, tanqidiy fikrlaydigan, katta aql va idrokka ega bo‘lgan, tez o‘ylaydigan, tez harakat qiladigan, zudlik bilan xulosa chiqarib, qaror qabul qiladigan inson bo‘ladi. Biznesmenning muvaffaqiyati ham ana shunda. Unga xizmat ko‘rsatadigan Siti xodimi esa undan, ya’ni mijozdan ham tez o‘ylaydigan, mijoz bir fikrga kelmasdan uning maqsadini anglab, bir qarorga kelishiga yordam beradigan, undan ham aqlli, ishbilarmon, tadbirkor bo‘lishi lozim. Mijozning yuziga, ko‘ziga qarab uning istak-xohishini tezda uqib, rejasini bilib oladigan kishi bo‘lishi va qulay fursatdan foydalanib o‘z xizmatini taklif etishi lozim. Siti xodimi yuksak estetik didga ega bo‘lgan, tez va nozik fikrlaydigan psixolog, ruhshunos, so‘zda-gapda filolog, diplomat bo‘lishi darkor.
45-50 qavatli binolar Markaziy Osiyoda birinchi bor qad ko‘taradigan bo‘ldi. Quruvchi, loyihachilarimizning ham bu sohada hali tajribasi yo‘q. Siti qurilishi O‘zbekiston sharoitida ana shunday ko‘p qavatli uylar barpo etadigan quruvchi, ishchi-mutaxassislarni shakllantiradi.
«Toshkent-Siti»ning o‘ziga xos muammolari ham mavjud. Loyihachilar hozir ana shunday yirik bir muammoga duch keldi. Zamin, yerning murakkab geologik strukturasi, geotextonik xususiyatlari sababli, loyihayu qurilish ishlarini nihoyatda puxta va sifatli olib borish shartligi ma’lum bo‘ldi. Bu muammoni hal etish ustida shu sohada katta tajriba to‘plagan to‘rt davlat: AQSh, O‘zbekiston, Rossiya va Yaponiya olimu mutaxassislari ishga kirishgan. Burg‘ular yordamida 40-50 metr parmalab, yerga kirib bino asoslari – poydevor qismlari o‘rnatilishi lozim. Yer ostidagi o‘zlashtirilgan maydonlarni ham tuproq bosib yotmaydi, bu joylarni yer osti garajlari egallaydi. «Toshkent-Siti» binolarining poydevori ostida 14-16 ming avtomashinaga mo‘ljallangan 2-3 qavatli garajlar barpo etiladi.
Muxtasar aytganda, «Toshkent-Siti»da bugun ish qizg‘in. Nasib qilsa, yaqin kelajakda poytaxtimizda qad rostlayotgan bu «kichik shahar»ning butun ko‘rku tarovati, jozibasiyu salobati, salohiyatini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rasiz.