«Turkiston» saroyida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi va Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi hamkorligida “Buxoro jilolari” milliy raqs ijrochilarining respublika ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Yurtimizda ilk bor o‘tkazilgan mazkur ko‘rik-tanlovda hay’at a’zolari tomonidan yakkaxon raqqos va raqqosalar, professional raqs jamoalari tayyorlagan 100 dan ortiq dasturlar tahlil etildi. Ayni paytda yosh ijodkorlarning ijro mahorati ko‘rikdan o‘tkazildi.
«Yakka raqslar» nominatsiyasida Toshkent davlat milliy raqs va xoreografiya oliy maktabi o‘qituvchisi, raqqosa Shirin Jalilova “Mavrigi” asosida yaratilgan kompozitsiyasini namoyish etib, birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. «Ommaviy raqslar» nominatsiyasida Buxoro viloyatining “Buxoro mavjlari” raqs ansambli birinchi o‘ringa munosib topildi.