Siz 2000 yoki 1000 yil avvalgi davrlarga tushib qolishni istaysizmi? Balki, vaqt mashinasi to‘g‘risida orzu qilarsiz? Ushbu orzularingiz ushalishini xohlasangiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani hududida joylashgan qadimiy va o‘rta asrlar yodgorligi – Ayozqal’a qo‘rg‘oniga tashrif buyurishni maslahat beramiz.
Ayozqal’a – uch yodgorlikdan iborat (Ayozqal’a 1,2,3). Tabiiy tepalik ustida joylashgan Ayozqal’a-1 qo‘rg‘oni miloddan avvalgi IV-III asrlarda qurilgan.
Ayozqal’a-2 qo‘rg‘oni VII asrning ikkinchi yarmi – VIII asr boshlariga tegishli bo‘lib, XIII asrda uning bir qismidan turar joy sifatida foydalanilgan. Hozir bu joyda «Ayozqal’a» turistik kempingi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ayozqal’ada barpo etilgan o‘tovlarlarda dam olgan, barxan qumlar orasida tuyada sayr qilgan sayyoh o‘zini go‘yo o‘rta asrlarga tushib qolgandek his qiladi.
Markaziy Osiyoning buyuk ikki daryosi oralig‘ida joylashgan Qoraqalpog‘iston zaminida bunday qadimiy yodgorliklar minglab uchraydi.