O‘ZBEK MADANIYATI HINDISTONDA TAQDIM ETILDI

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Dekabr 26, 2017

O‘ZBEK MADANIYATI HINDISTONDA TAQDIM ETILDI

Xorijiy davlatlarning Hindistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatiya vakolatxonalari, ijtimoiy, madaniy, ijodiy va xalqaro tashkilotlar, yetakchi sayyohlik kompaniyalari hamda ommaviy axborot vositalarining vakillari Dehlida o‘tkazilgan an’anaviy “International Bazaar – 2017” xalqaro festivalining ishtirokchilari bo‘ldilar.

Dehli Ayollar uyushmalari birlashmasi (DCWA) ushbu anjumanning asosiy tashkilotchisi hisoblanadi. Festival Hindistonda faoliyat ko‘rsatadigan diplomatiya missiyalari uchun o‘z mamlakatlarining madaniyati, an’ana va urf-odatlari, san’ati hamda milliy oshxonasi bilan tanishtirishga xizmat qiladigan ajoyib minbar sifatida e’tibor qozongan.

O‘zbekistonning boy madaniyati va sayyohlik salohiyatini targ‘ib etish maqsadida mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasi ham ushbu xalqaro tadbirda faol ishtirok etdi.

O‘zbekiston xalq amaliy san’ati mahsulotlarining namunalaridan foydalanilgan holda tashkil etilgan mamlakatimiz bo‘lmasi anjuman ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ular respublikamiz boy tarixiy-madaniy merosining boshqa qirralari, xalqimiz urf-odatlari bilan yaqindan tanishganlari barobarida o‘zbek oshxonasi taomlaridan tatib ko‘rish imkoniyatiga ham ega bo‘ldilar.

Tadbir chog‘ida “Jahon” axborot agentligi muxbiri “International Bazaar 2017” xalqaro festivalining ayrim qatnashchilari bilan suhbatlashdi.

– Biz ushbu xalqaro anjumanni har yili uyushtiramiz, – dedi Dehli Ayollar uyushmalari birlashmasi prezidenti Tuxfa Zaman Ali. – Festivalimiz mamlakatimiz poytaxti aholisi va mehmonlari uchun an’anaviy tadbirga aylanib qolgan. Unda ishtirok etish uchun elchixona va xalqaro tashkilotlarni, sayyohlik kompaniyalarini hamda xorijiy mamlakatlar madaniyati, an’ana va taomlari bilan oshno bo‘lishni hohlagan yurtdoshlarimizni taklif qilamiz.

Fursatdan foydalanib, tadbirning barcha qatnashchilariga, xususan, O‘zbekiston elchixonasiga faol ishtiroki va ajoyib taqdimoti uchun minnatdorlik bildirishni istayman. Qayd etishim joizki, O‘zbekiston bo‘lmasi hech kimni befarq qoldirmadi, barchamiz o‘zbek madaniyati go‘zalligini his etish imkoniyatiga ega bo‘ldik.

Makedoniyaning Hindistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Toni Atanasovski:

– O‘zbekiston paviloni o‘zining yorqinligi, taqdim etilgan san’at asarlarining ajoyib va o‘ziga xosligi, turli milliy taomlarga to‘kinligi bilan ajralib turdi.

Mamlakatingizning boy madaniyati, ko‘hna va noyob me’moriy yodgorliklari butun jahonga mashhur. O‘zbek xalqining farzandlari dunyo madaniyati va ilmi rivojiga ulkan hissa qo‘shishgan.

O‘zbekistonning ushbu xalqaro anjumandagi ishtiroki diplomatiya korpusi vakillariga ham go‘zallikda betakror quyoshli o‘lkangizning sayyohlik imkoniyatlari va madaniy o‘ziga xosliklari haqidagi bilimlarini oshirishga ko‘maklashadi.

Festival mehmoni Manisha Chantrat:

– Men ilk marotaba ushbu anjumanda qatnashmoqdaman. Bu yerda Hindiston ahli uchun dunyodagi turli mamlakatlarning madaniyati, an’analari hamda milliy oshxonasi bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratilganidan mamnun bo‘ldim.

Mamlakatingiz bo‘lmasidan joy olgan xalq amaliy san’ati namunalari, sopol idishlar va zardo‘zlik buyumlari o‘zbek madaniyatining rang-barangligi va o‘ziga xosligidan dalolat berib turibdi. Bu, shuningdek, mamlakatingizda noyob xalq ustalarining maktabi mavjud ekanligini ham bildiradi.

“Jahon” AA,

Dehli