Andijonda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 535 yilligi keng nishonlandi.
Viloyat markazidagi «Bog‘i Bobur» istirohat bog‘idagi «Bobur va jahon madaniyati» muzeyida Bobur va boburiylar ijodini o‘rganish va targ‘ib etish masalalariga bag‘ishlangan ilmiy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Afg‘oniston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Eron va Yaponiya davlatlaridan kelgan boburshunos olimlar ham ishtirok etdi.
– O‘zbekistonda jahon ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ allomalar hayoti va ijodini o‘rganish, keng targ‘ib qilish borasidagi ishlar davlat siyosati darajasida olib borilayotganiga havasim keldi, – deydi Tokio san’at universiteti professori Kume Shogo. – “Boburnoma” asari yaponiyalik taniqli boburshunos olim, professor Eyje Mono tomonidan yapon tiliga tarjima qilingan. Ushbu asarni o‘qib chiqib, Bobur yurtiga bo‘lgan qiziqishim ortdi. Ana shu qiziqish tufayli bugun O‘zbekistonga, xususan, Andijonga keldim. Yurtingiz menda faqat iliq taassurotlar qoldirayapti. Ayniqsa, Osiyo ilm-fani, Hindiston taraqqiyoti va rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan shoir, olim va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Boburga O‘zbekiston zaminida ko‘rsatilayotgan hurmat xalqingizning shu yurtdan yetishib chiqqan buyuk tarixiy shaxslarga yuksak ehtiromining yorqin namunasidir.