Joriy yilning 9-14 iyun kunlari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Buxoro shahrida ilk marotaba Abu Ali ibn Sino xalqaro biologiya olimpiadasi o‘tkaziladi. Unda dunyoning 19 ta mamlakatidan jami 120 nafar (30 ta jamoa) o‘quvchi-yosh ishtirok etadi. Olimpiada uchun tayyorlangan sinov topshiriqlarini shakllantirishda xalqaro olimpiada metodologiyasi talablariga alohida e’tibor berilgan.
AOKAda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi mutasaddilari ishtirokida tashkil etilgan matbuot anjumanida taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, xalqaro olimpiadaning yuqori saviyada o‘tishi uchun hakamlar hay’ati tarkibiga Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Belarus, Qirg‘iziston davlatlaridan yuqori salohiyatga ega ekspert-mutaxassislar jalb qilinmoqda.
15-18 yoshli o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan Abu Ali ibn Sino xalqaro biologiya olimpiadasi 2 turda tashkil etiladi. 1-tur yozma ish (nazariy) shaklida o‘tkazilib, ishtirokchilarga 5 ta topshiriq beriladi va har bir topshiriq maksimal 10 balldan baholanadi — jami 50 ball. Mazkur tur topshiriqlarini bajarish uchun ishtirokchilarga 3 soat vaqt ajratiladi.
2-tur amaliy ish shaklida o‘tkazilib, 1 ta topshiriq beriladi va maksimal 30 ball bilan baholanadi. 2-tur topshiriqlarini bajarish uchun 2 soat vaqt ajratiladi. Ikki tur uchun maksimal 80 ball beriladi. G‘olib va sovrindorlar oltin, kumush, bronza medallari, diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
Olimpiada doirasida o‘quvchi-yoshlar uchun xalqaro mutaxassislar ishtirokida bir qator mahorat darslari o‘tkaziladi. Bundan tashqari, olimpiada ishtirokchilari va mehmonlar uchun Buxoro viloyatining tarixiy va madaniy obidalariga sayohatlar tashkil etilib, yurtimizning madaniy va ma’rifiy merosi bilan yaqindan tanishtiriladi.
Ma’lumot uchun aytish lozimki, o‘zbekistonlik o‘quvchilar o‘tgan yil davomida 55-Xalqaro kimyo olimpiadasi, 64-Xalqaro matematika olimpiadasi, 34-Xalqaro biologiya olimpiadasi, 53-Xalqaro fizika olimpiadasi, 35-Xalqaro informatika olimpiadasida ishtirok etib, jami 13 ta medal (2 ta oltin, 1 ta kumush va 10 ta bronza), mintaqaviy xalqaro olimpiadalarda 52 ta medal (6 ta oltin, 23 ta kumush va 23 ta bronza) bilan taqdirlangan.
Manba: O‘zA