Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri jamoasi Turkiyadagi Xalqaro san’at festivalida ishtirok etmoqda 

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Oktabr 3, 2024

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri jamoasi Turkiyadagi Xalqaro san’at festivalida ishtirok etmoqda 

Prezidentimizning “Opera va balet san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan milliy opera va balet san’atini jahon miqyosida keng targ‘ib etish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish hamda madaniy aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri jamoasi bir qator xorijiy davlatlarga ijodiy safarlar bilan chiqmoqda.

Shu kunlarda teatr jamoasi Turkiyada ijodiy gastrolda bo‘lib turibdi. Istanbul va Bursa shaharlarida mashhur kompozitor, pianinochi va dirijyor Igor Stravinskiyning “Muqaddas bahor” baleti namoyish etiladi. Shu bilan birga katta teatrning yetakchi opera va balet solistlari ishtirokida o‘zbek kompozitorlar va jahonga mashhur bo‘lgan kompozitorlarning asarlari havola etiladi . 

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan rejaga binoan 2022 yildan buyon xorijiy gastrol safarlarini tashkil etib kelmoqda. 

Jumladan, 2022 yilda Koreya Respublikasining Tegu, Pusan, Kochang, Pxyontxek shaharlari bo‘ylab hamda Ozarbayjon Respublikasi Boku shahrida, shuningdek, 2023 yilda Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Belarus Respublikasi hamda 2024 yilning 13-14 mart kunlari Qirg‘izistonda xorijiy gastrol safarlari amalga oshirildi. 

2024 yilda Qirg‘iziston, Turkiya va Italiyaga xorijiy gastrol safarlari rejalashtirilgan bo‘lib, ayni kunlarda ikkinchi xorijiy gastrol safari Turkiyada bo‘lib o‘tmoqda. Unda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrining 130 nafarga yaqin xodimlari ishtirok etmoqda. 

Shuningdek, joriy yilning Turkiyaning 16 ta hududida bo‘lib o‘tayotgan “Türkiye Kültür Yolu Festivali” Xalqaro san’at festivali doirasida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri ham mehmon jamoa sifatida ishtirok etadi. 

Dunyoning barcha nuqtalaridagi madaniyat va san’at sohasi vakillarini bir nuqtada birlashtirgan ushbu san’at festivalida dunyoning mashhur madaniyat va san’at namoyandalari qatnashmoqda. Bu kabi nufuzli festivalda ishtirok etishdan maqsad o‘zbek san’atini va madaniyatini namoyish etishdan iborat. 

O‘zA