“Bahodir Yalangto‘sh” – tarixiy qahramonlarning betakror talqini

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Iyun 7, 2024

“Bahodir Yalangto‘sh” – tarixiy qahramonlarning betakror talqini

Toshkentdagi Milliy kino saroyida davlatimiz rahbari g‘oyasi va tashabbusi asosida suratga olingan “Bahodir Yalangto‘sh” badiiy filmining Toshkent shahridagi premerasi bo‘lib o‘tdi.

Kinotaqdimot tadbiriga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi masʼullari, turli vazirlik va idoralarning mutasaddilari, kino sanʼati ixlosmandlari, ushbu kartinaning ijodkorlari, keng jamoatchilik vakillari tashrif buyurdi.

Aytish joizki, tomoshabinlar mazkur filmning suratga olinayotgani haqida xabardor edi. Yaqindagina esa yangi tarixiy kartinaning katta premyerasi Samarqand shahrida muvaffaqiyat bilan oʻtkazildi. Ushbu filmni 16-may kuni davlatimiz rahbariga tanishtirilgan “Tirik tarix” turkum ijodiy loyihalarning uzviy va dastlabki bosqichlaridan deyish mumkin.

Yurt hurligi, ozodligi yoʻlida umrini baxshida etgan xalq qahramonlarini bilish, ularning sharafli hayot yoʻli, jasoratidan boxabarlik milliy oʻzlikni, tarixiy haqiqatni teran anglashda, oqni qoradan farqlay olishda, biz kimlarning avlodi ekanimizni his etishda katta ahamiyat kasb etadi. Davlatimiz rahbari ijodkor ziyolilar bilan uchrashuv chogʻida xalq qahramonlari, buyuk ajdodlarimiz, takrorlanmas qoʻhna tariximizning shonli, biroq unutilgan sahifalari haqida kitoblar, sahna va ekran asarlari yaratish haqida doimo kuyinib soʻzlaydi. Aytish joizki, Kinematografiya agentligi, Samarqand viloyati hokimligi, “Ezgufilm” studiyasida tasvirga olingan “Bahodir Yalangtoʻsh” tarixiy-badiiy filmi bu boradagi muhim amaliy ishlarning natijasidir.

Filmda Amir Bahodir Yalangtoʻshning oʻz yurtining ozodligi, hurligi uchun jonini ayamagan jasur sarkarda, davlatchiligimiz tarixidagi yirik arbob, ilm-fan, madaniyat va sanʼat, ahli hunar homiysi, odil, xalqparvar shaxs, dunyoni oʻziga maftun etgan Registon maydonidagi Sherdor va Tillakori madrasalarining bunyodkori ekani yorqin va taʼsirchan tarzda ochib berilgani bilan ahamiyatli. Kartina Samarqandning oʻtmishi, oʻz davrining tarixiy muhiti haqida ham batafsil maʼlumotlar beradi.

Ushbu badiiy kartinani koʻrgan har bir tomoshabin mamlakatning tinchligi, osoyishtaligi, xavfsizligiga tahdid solishda tashqi dushmanlardan koʻra ichki adovat, oʻzaro xusumat va fitnalar ancha kuchli va qudratli ekaniga yana bir karra ishonch hosil qiladi.

Filmni yaratishda zamonaviy kinematografiyaning eng ilgʻor yutuq va yangiliklaridan unumli foydalanilgani, bu jihatlar qirgʻinbarot jang maydonlarida, Samarqandning tarixiy qiyofasini ochib berishda, bozor va hunarmandchilik markazlari, saroy hayotidagi koʻrinishlarda, ommaviy sahnalarda va barcha boshqa murakkab syomka jarayonlaridagi lavhalarda yaqqol aks etgani ekran asarining eng katta yutuqlaridan biridir.

– Har bir ijodkor oʻz filmining toʻliq premyerasigacha juda qattiq hayajonlanadi, – dedi “Bahodir Yalangtoʻsh” taraxiy-badiiy filmining ijodkorlaridan biri Jasur Ahmedov. – Tarixiy filmlar yaratish yoʻlidagi eʼtibori va qoʻllab-quvvatlovi uchun Prezidentimizdan gʻoyat minnatdormiz. Film uch yil davomida suratga olingan boʻlsa, biz bu eʼtiborni har lahzada his etib turdik. Bu esa yanada katta masʼuliyat bilan ishlashga undadi.

Darhaqiqat, kartina shunday ishlanganki, uni muxlislar bir lahza boʻlsa-da beeʼtibor, befarq tomosha qila olmaydi. Voqealar jarayonida tomoshabin filmning bosh qahramoni bilan birga iztirob chekadi, qaygʻuga botadi, uning zafar qozonishiga xayrixoh boʻladi. Yurtning tahdid va xatarlardan xoli ekani, hurligi, ozodligi, maʼmur, tinch va farovonligi eng ulugʻ neʼmat ekaniga, bu bebaho boylikni asrash shu tabarruk Vatanning har bir farzandining chinakam burchi ekanini yana bir bor dildan anglaydi.

Mazkur film ssenariy muallifi – Hasan Toshxoʻjayev hamda Jahongir Ahmedov, prodyuser Zafar Yoʻldoshev, postanovkachi rejissyor – Jahongir Ahmedov. Bahodir Yalangtoʻsh rolini Habibulla Nizomov ijro etgan. Filmdagi asosiy rollarni shuningdek, Behzod Muhammadkarimov, Matyoqub Matchonov, Boyir Xolmirzayev, Shahrizoda Dilmurod qizi va boshqa aktyorlar ijro etgan. Kartinada Qozogʻiston va Qirgʻiziston aktyorlari ham qatnashgani eʼtiborli.

Premyera jarayonida zaldagi koʻpchilik tomoshabinlarga boʻsh joy qolmagani sababli tik turganicha filmni tomosha qildi. Yangi tarixiy-badiiy film taqdimoti yuksak saviyada, baland ruhda oʻtdi.

Manba: OʻzA