Abdulla Qodiriydan nafaqat buyuk asarlar, balki ulug‘ adibdan o‘z qo‘li bilan yaratgan bog‘, eskizlarini Peterburgdan keltirib qurdirgan uy, shiypon va ko‘pgina yodgorliklar ham meros qolgan.
Toshkentning Camarqand darvoza mahallasida o‘zbekcha, eskicha hovli bor. Hovli tashqarisida bir tup yong‘oq, uni Abdulla Qodiriyning onasi Josiyat aya ekkan. Bu yong‘oq qanday kunlarga guvoh bo‘lmagan, uning soyasida ne-ne buyuk adiblar gurung qilmagan deysiz: Sadriddin Ayniy, Aleksey Tolstoy, Cho‘lpon… Yana u qanchadan qancha achchiq kunlarga ham guvoh bo‘lgan: Qodiriyni kishanlab olib ketganlariga, Qodiriyning farzandi Habibulla qo‘liga ham kishan solganlariga, fayzli hovlini cho‘chqaxonaga aylantirganlariga jimgina guvoh bo‘lgan bu azim yong‘oq.
Uy aslida muzey tugul katta madaniy dargohga aylantirishga arzisa-da bu ishlarga hech kim bosh qo‘shmadi.
1989-yil Abdulla Qodiriyning farzandi Ma’sud Qodiriy otasining 95 yillik yubileyida uni yod etish uchun yig‘ilgan ziyolilardan yana uyni muzeyga aylantirishni so‘rab, iltimos qiladi, ammo yana natija yo‘q.
1994-yilda yana bu ish ko‘tariladi, biroq bugungi kunda u yerda yashab kelayotgan millat fidoyisining avlodlarini boshqa uyga ko‘chirish masalasi ko‘ndalang bo‘lib, masala yana chala qoladi.
Vazirlik Abdulla Qodiriydek buyuk adibimiz uyini muzeyga aylantirishda “katta mablag‘” talab etilishini va bu ishdagi ayrim holatlar vazirlik vakolatidan tashqari ekanligini vaj qilib ko‘rsatadi. Xatdan qisman keltiramiz:
“Uy-muzeyi tashkil qilish uchun uy hududini asl holatiga keltirish kerak, bu esa, o‘z navbatida, katta mablag‘ni talab etadi…
Shuningdek, uy-muzeyi tashkil etish uchun A.Qodiriyning oila a’zolarini boshqa uy-joy bilan ta’minlash masalasi Madaniyat vazirligining vakolat doirasiga kirmasligini va bu masala Toshkent shahar hokimligi tomonidan hal etilishi mumkinligini ma’lum qilamiz.”
Xatda yana vazirlik muzey tashkil etish uchun, eksponat va inventarlar yetishmasiligini ham sabab qilib ko‘rsatilgan. Madaniyat vazirligining ushbu “madaniyat”li javobiga K.Akilova imzo chekkan.
Adibning nevarasi Xondamir Qodiriyning ma’lumot berishicha, Adabiyot muzeyida Qodiriyga tegishli eksponatlar mavjud bo‘lib, Qodiriy uy-muzeyi tashkil etilsa bu yodgorliklar adib hovlisiga qaytarilishini ma’lum qilgan. Uyda hozirda avlodlar tomonidan adibga tegishli bo‘lgan bir-qancha buyumlar saqlanmoqda.
Qodiriyning o‘z qo‘llari bilan yaratgan bog‘lari-yu, qurgan shiyponlari qolib, uning tabarruk hovlisidan voz kechilib, uyushmadan xona ajratish kulgili emasmi?
Yozuvchilar uyushmasi raisi yordamichisi, Baxtiyor Haydarov:
– Abdulla Qodiriyning uy-muzeyini tashkil etish mening nazarimda chorak asr kechikkan masalalardan biri. Vatanimizni o‘tgan kunlarini eslash, kelajak avlodlarga yetkazishda Abdulla Qodiriyning uy-muzeyi juda katta yordam qilgan bo‘lar edi. Qodiriyning millat tarbiyasidagi o‘rni ham beqiyosdir.
Qodiriyning bugungi kundagi avlodlari uyni muzeyga aylantirish borasida xat bilan murojaat qilmagan tashkilotning o‘zi qolmagan. Bu borada shahar hokimiyatiga ham bir necha bora chiqilgan. Ammo mutasaddi tashkilotlar “…Bizning vakolat doiramizga kirmaydi”, javobi bilan qutulib qolaverishgan. Savol tug‘iladi, xo‘sh, uy-muzeyni tashkil etish qaysi tashkilot zimmasida. Bu ishni amalga oshirish uchun qaysi idora tegishli vazirlik va tashkilotlar boshini birlashtirib ish boshlashi lozim?
Abdubosit Mirrasulov,
“Samarqand darvoza” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi:
– “Samarqand darvoza” mahallasi buzilish arafasida. Mahallamiz, “Termiz” ko‘cha tomonidan buzilib kelmoqda. Kichik, eski uylar o‘rniga 9-12 qavatli uylar qurilishi boshlanmoqda. “Termiz” ko‘chasidan kiraverishda buyuk adibimiz Abdulla Qodiriyning uylariga chiqiladi. Bundan bir yil avval, hokimiyatdan komissiya vakillari kelib, Qodiriy uyi atroflari buzilishi kerakligi, ammo adibimizga daxldor joylar atrofi bog‘, ko‘kalamzor qilinib o‘ralgan holatda uylarini saqlab qolish ko‘zda tutilganini ma’lum qilgan edi. Men ham albatta, Qodiriyning muxlisi, vatandoshi sifatida uylarini “uy muzeyi”ga aylantirish tarafdoriman. Qodiriyning hozirgi avlodlari yashayotgan hovli ko‘p qavatli uylar orasida qolib ketishi ham hunuk bo‘ladi. Uning atrofini kengroq olib, bog‘li joy qilish, ziyoratgohga aylantirish kerak. Bu fikrlar ham Toshkent shahar hokimligidan kelgan komissiya tomonidan aytilgan edi. Ammo bu haqda bayonnoma tuzilib, amaliy ishlar boshlanganidan xabarim yo‘q. Bir necha yildan beri mazkur mahallada rais bo‘lib ishlab kelaman, adibimiz hovlilarini surishtirib, so‘rab chet-eldan, o‘zimizdan ziyoratchilar kelib turishadi. Shunday vaziyatlarda Abdulla Qodiriyning hovlilari muzeyga aylantirib, obod qilinmaganidan hijolat bo‘lamiz.
Ko‘pgina adabiyotshunoslar, jurnalist va yozuvchilar, adabiyot ixlosmandlarining fikricha Abdulla Qodiriy uyini nafaqat uy-muzeyi balki, madaniyat markaziga aylantirish mumkin. Buning uchun hovlining maydoni kattaligi, Qodiriyga daxldor bo‘lgan va hozirgacha saqlanib qolgan tabiat manzaralari mavjudligini sabab qilib ko‘rsatish mumkin. Qolaversa, Qodiriy davrida bu hovlida ko‘pgina o‘sha davrning yetuk ziyolilari rus, qirg‘iz, tojik, qoziq yozuvchilari bu dargohga tashrif buyurib, adabiyot gurunglarini uyushtirgan. Millatimiz qahramonidan qolgan ushbu tabarruk hovli tez orada madaniyat markaziga aylanadi degan umiddamiz.