Monte-Karloda bo‘lib o‘tgan 42-xalqaro sirk festivalida o‘zbekistonlik sirk ustalari muvaffaqiyatli ishtirok etib, birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Toshkent sirki bir asrdan ortiqroq tarixga ega. Dorboz Toshkenboyevlar, chavandoz Zaripovlar sulolalarining mahorati, qiziqarli dasturlari xorijiy davlatlarda ham mashhur.
Bugungi kunda “O‘zbekdavlatsirki” davlat muassasasi yangidan-yangi betakror tryuk va ekstremal dasturlar tayyorlash yo‘lida tinimsiz izlanayotgan, qiziqarli chiqishlar ustida ish olib borayotgan ijodiy jamoalarning o‘ziga xos hamjamiyatidir. Mohir jonglyorlar, havo gimnastikachilari, akrobatlar, ko‘zboylag‘ichlar, jonivor o‘rgatuvchilar, masxaraboz va polvonlarimizning 100 dan ortiq rang-barang dasturlari nainki mamlakatimiz, balki xorijiy davlatlardagi sirk san’ati muxlislarining ham e’tiborini qozongan.
Monte-Karloda bo‘lib o‘tgan 42-xalqaro sirk festivalida yurtimizning Rustem Asmanov hamda Kristina Vorobyova singari havo gimnastikachilari tomonidan taqdim etilgan dastur betakrorligi bilan hakamlar hay’ati, tomoshabinlar tomonidan yuqori baholanib, o‘zbekistonlik sirk ustalarining murakkab xatti-harakatlarga boy dasturi oltin medal hamda festival kubogiga munosib topildi.
Shuni ta’kidlash joizki, 2018-yilning yanvar oyida Budapesht shahrida o‘tkazilgan sirk ustalarining XII festivalida “O‘zbekdavlatsirki” davlat muassasasining Rustam, Kamilla va Daler Hametovlardan iborat havo gimnastikasi o‘yinchilaridan tarkib topgan oilaviy guruhi birinchi o‘ringa loyiq topilgan edi.