Jurnalistik surishtiruvning me’yoriy chegaralari qayerda?

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Fevral 5, 2018

Jurnalistik surishtiruvning me’yoriy chegaralari qayerda?

Bundan bir necha yuz yil avval, dastlabki varaqalar chop etilganidayoq eng qiziqarli va muhim mavzu – ommadan shu paytgacha yashirib kelingan axborot bo‘lgan. Jurnalistlar shu axborotga doir ma’lumotlarni izlab topib gazetaning navbatdagi sonlariga joylashtirgan.
Matbuot tarixidan ma’lumki, ularning aksariyati qonunbuzarliklar bilan bog‘liq bo‘lgan. Ana o‘shandan buyon maqolalarga “jurnalistik surishtiruv” degan rukn qo‘yish odatga kirgan.
O‘zbek matbuotida jurnalistik surishtiruv faqatgina mustaqillik yillarining dastlabki 10-15 yilida rivojlandi. Bosma va elektron OAVlarida biri-biridan qiziqarli surishtiruvlar e’lon qilindi. Bu borada “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi hamda O‘zbekiston televideniyesining “Axborot” tahririyati juda keng doirada o‘quvchi va tomoshabinni yig‘a oldi. O‘sha paytda  20-25 million aholisi bo‘lgan mamlakatimizda “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi adadi 700-800 ming nusxaga yetdi. Odamlar soat 2030 da boshlanadigan “Axborot” dasturini barcha yumushlarini to‘xtatib ko‘radigan bo‘ldilar.
O‘zbekistonda senzura bekor qilingan bo‘lsada, 2005-yillardan yuqori martabali ma’murlar hamda bosh muharrirlarda ichki senzura keskin kuchaydi. Matbuotda tanqidiy, tahliliy maqolalar, jurnalistik surishtiruv asta-sekin kamayib boraverdi. Jurnalistlar o‘tkir mavzudagi maqolalarni chop etishda rahbarlarning ehtiyotkorligiga uchrayvergach, o‘zlari ham muammolarni chetlab o‘tadigan bo‘ldi. Faqat 2017-yildan matbuotimiz yana jonlandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning barcha sohalar kabi ommaviy axborot vositalari vakillarini qilgan tanqididan so‘ng jurnalistik surishtiruv janrida dolzarb mavzular ko‘tarildi. Shu paytgacha parda ortida qolayotgan voqeliklar yuzaga chiqa boshladi. To‘g‘ri, hali ularning barchasini ham mukammal chiqishlar deya olmaymiz. Bir yoqlama munosabat, mavzu mohiyatini chuqur anglab yetmaslik, ixtisoslashmaganlik kabi kamchiliklar ko‘zga tashlanib turibdi.
Jurnalistik surishtiruvning maqsadi nima, haqiqatga erishishmi? Uning yo‘lidagi izlanishda jurnalist harakatlarining qonun bilan belgilangan chegarasi qayerda? Bu masalada haligacha qonuniy me’yorlar yo‘q. O‘zbekistonda shu mavzuga bag‘ishlangan olim va mutaxassislarning ilmiy tadqiqotlarini hanuz kutamiz. Amaliyotchilar tajribasi haqidagi qo‘llanmalar deyarli chop etilmagan. Nega shunday?
Jurnalistik surishtiruv muallifdan g‘oyat chuqur va har tomonlama bilim talab qiladi. Bu janrda ijod qilishda sof qalbning o‘zi kifoya qilmaydi. Ularga huquqiy kafolat, axborot ta’minotida ko‘mak, muharrir qo‘llovi ham kerak. Senzura bekor qilinganining o‘zi jurnalist uchun huquqiy kafolat bo‘la olmaydi. Haqiqiy “to‘rtinchi hokimiyat” bo‘lish, davlat boshqaruv institutlari faoliyati, barcha darajadagi amaldorlarning korrupsion harakatiga qarshi samarali kurashish uchun jurnalistga qonunda kafolatlangan huquqlar kengaytirilishi lozim.
Ikkinchidan, biron-bir tahririyatda muallifni axborot ta’minoti bilan qo‘llovchi xizmat lavozimi yo‘q. Surishtiruv olib borayotgan jurnalist “yakka ovchi”ga o‘xshaydi. Informatsion texnologiyalarning rivojlanishi, jamiyatdagi ochilish va OAV moddiy imkoniyatini uyg‘unlashtirib jurnalistik surishtiruv olib borayotgan xodimni qo‘llab-quvvatlash vaqti keldi.
Uchinchidan, bosh muharrirdagi ichki senzuraga chek qo‘yish lozim. Buning uchun avvalo OAVning iqtisodiy erkinligiga erishish talab qilinadi.
To‘g‘ri, jurnalistikaning vazifasi hukm chiqarish emas. Jurnalistika ijtimoiy adolat qaror topishi uchun xizmat qiladi. Uning me’zonlarini esa jamiyat belgilaydi.
Jurnalist huquq posbonlari vakolatini o‘z zimmasiga olmasin. Uning vazifasi jinoyatchini tutish emas, balki jinoiy hatti-harakatga oshkoralik berish, muammoni tahlil qilish, yechimi haqida takliflar kiritishdir. Matbuotimizda esa surishtiruv deya shaxsning daxlsizligiga tajovuz hollari ham uchramoqda. Andijon shahri, Farg‘ona viloyati hokimlarining ishchi yig‘ilishidagi so‘kinishlari, telefondagi audioyozuvi jurnalistlar tomonidan internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda ommalashtirildi, muhokama qilindi, obro‘sizlantirildi. Bu ham kamlik qilgandek, omma oldida uzr so‘rash, lavozimini tark etish kabi majburiy talablar qo‘yildi. Jamiyatning ma’lum qatlami esa bu chaqiriq va talablarni qo‘llovchi postlar qoldira boshladi. Albatta, rahbarlarning ma’naviy qiyofasiga jamiyat befarq qarolmaydi. Lekin matbuot shaxsning sha’ni bilan bog‘liq yashirin suratga yozib olingan ovozni oshkor qilishga, ommalashtirishga haqlimi? “Aybdor” deb tariflanayotgan shaxsga shart qo‘yishga haqqi bormi? Masalaning huquqiy tomonlari qonunchilikda qanday me’yorlangan? “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasiga binoan: “Jismoniy shaxslarning roziligisiz telefondagi so‘zlashuvlarini qayta ishlash, tarqatish va undan foydalanishga yo‘l qo‘ymaydi”, deyilgan. Afsuski, amaldagi qonunlarda yig‘ilishdan yozib olingan so‘zlashuv masalasida hech gap yo‘q. Demak, ta’qiqlanmagan bo‘lsa ruxsat etilgani shu, deb tushunmoq kerakmi? Shunday bo‘lsa, ertaga uyingizga yashirin kamera yoki mikrofon o‘rnatib undagi tasvir va ovozni ham tarqatish mumkin bo‘lib qolmaydimi?
Nazarimizda tanqidiy-tahliliy maqola yoki jurnalistik surishtiruvda ochiqlanayotgan dalillar mavjudligining o‘zigina yetarli emasdek tuyuladi. Bunday ochiqlik, fosh qiluvchi axborotni sog‘lom fikr, qonun me’yorlariga rioya qilgan holda qabul qiluvchi omma, unga hozirjavob munosabat bildiruvchi davlat idoralari ham  тайёр bo‘lishi lozimga o‘xshaydi.
Bir necha yil avval lo‘lilar eski shisha butilkalarni yig‘ayotgani nazarimizni tortdi va uning ketiga tushdik. Bir qarashda mavzu jurnalistik surishtiruv uchun emasdek, edi. Axir mansabini suiste’mol qilayotgan, korrupsiyalashgan ne-ne idora va rahbarlar, daromadini soliqdan yashirayotgan qanchadan-qancha “tadbirkor”lar turganda mahallama-mahalla yurib, butilka yig‘ayotgan lo‘li mavzusi arzimasdek tuyulardi. Ammo jurnalistik surishtiruv  мавзуси jamiyatga ne chog‘li foydaliligi bilan muhim. Oxir oqibat bu mavzu yirik korrupsion guruhlarning shu paytgacha yashirib kelayotgan noqonuniy faoliyatini fosh etdi.
Albatta bitta ovozni yashirincha yozib olib oshkor qilish oson va go‘yo “shov-shuvli”. Haqiqiy surishtiruv esa izlanish, o‘rganish, taqqoslash, axborot yig‘ishdagi mashaqqatlar, rahbarlar bilan to‘qnashuv va nihoyat e’lon qilish qiyinchiliklari kabi yo‘lni bosib o‘tadi. Bunday yo‘lga hamma jurnalist ham yo kasbiy malaka jihatdan tayyor emas yoki mashaqqatdan qochadi-da, oson yo‘lni tanlaydi.
Har qanday jurnalistik surishtiruv oddiy bir voqelik, arzimasdek tuyulgan axborotdan boshlanadi, aslida.
Tajribada xo‘jalik korxonaga topshirgan sutning pulini ololmayotgani ortidan davlat miqyosida korrupsiya harakatlari yotgani fosh qilingan. Aslida, jurnalist “ha, shunga nima bo‘pti, sut zavodi hisobida mablag‘ uzilib qolgandir, bugun bo‘lmasa ertaga to‘laydida”, deb befarq o‘tib ketishi mumkin edi. Lekin mavzuga chuqurroq kirib borilgani sari bu holat, uning ortida mamlakat iqtisodiyoti, valyuta siyosati, eng muhimi ijtimoiy vaziyatiga ham jiddiy zarar keltiruvchi “mashina”ga duch kelingan. U shu qadar qudratli ediki, dastlab jurnalistning o‘zini “yolg‘on axborot tarqatishda” ayblab ishdan chetlatgan. Davlat rahbari ishonchidagi bir mansabdorning jasorati tufayligina mavzu qayta o‘rganilib, adolat qaror topgan: jurnalist vazifasiga tiklanib, yuqori mansabli aybdorlar jazolangan, muammo qonuniy hal etilgan.
Jurnalistik surishtiruvda mavzu tanlashning o‘zi atrofdagi voqelikdan xabardor bo‘lish, matbuotni kuzatish, davlat idoralari internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlar bilan tanishib borish, odamlarni jamoat joylari va transportda, to‘y-ma’raka, tadbir va tahririyat qabulxonasida tinglab borish, ikkilanish va qayta tekshirish, davomli kuzatish va nihoyat xulosa chiqarish kabi jarayonlarni ichiga oladi. Biz nazariyotchi emasmiz. Ushbu maqolada jurnalistik surishtiruv janrining nazariy qoidalarini ijod qilish niyatimiz yo‘q. Maqsadimiz jurnalistikaning jamiyat rivoji uchun muhim ahamiyatga ega bu janri yanada rivojlanishiga baholi qudrat hissa qo‘shishdir. Shu nuqtai nazardan Sizning har qanday fikr va mulohazalaringizni munosib qadrlab qabul qilamiz.
Bizning elektron manzil: jurnalistlar.uyushmasi@yandex.ru