O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyati kengashi tashabbusi bilan viloyatdagi uyushmagan yoshlarni jamiyatning faol a’zosiga aylantirish maqsadida o‘quv markazlarida oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirish uchun tayyorgarlik ko‘rayotgan yoshlar o‘rtasida norasmiy fan olimpiadalari tashkil etildi.
Ilk fan olimpiadasi matematika fanidan marhum matematik Ulug‘bek Sag‘diyev xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazildi. Unda viloyatdagi o‘quv markazlarida tayyorgarlik ko‘rayotgan 30 yoshgacha bo‘lgan uyushmagan yoshlar ishtirok etdi.
– Rostini aytish kerak, ilgari vaqtincha ishlamaydigan yoki o‘qimaydigan yoshlar bilan ishlash borasida amaliy harakatlar yo‘q edi, – deydi Yoshlar ittifoqi Qashqadaryo viloyati kengashi raisi Sh.Sattorov. – Keyingi paytlarda bu borada sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Biz ham endi ularning ehtiyoj va takliflaridan kelib chiqqan holda, turli loyihalarni amalga oshirishni rejalashtiryapmiz.
Mazkur fan olimpiadasining saralash bosqichida 400 ga yaqin uyushmagan yoshlar ishtirok etdi. Yakuniy bosqichda 37 nafar yosh matematik g‘oliblik uchun bahslashdi.
Test sinovi va savol-javoblar tarzida o‘tkazilgan tanlov natijalariga ko‘ra, Abdulaziz Toshpo‘latov 1-o‘rinni egalladi. Marjona Saydullayeva ikkinchi va Xudoyberdi Shuhratov uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
– Bugun men va oila a’zolarim uchun ajoyib kun bo‘ldi, – deydi A.Toshpo‘latov. – Fan olimpiadasida g‘olib bo‘lib, diplom va zamonaviy noutbuk bilan taqdirlandim. Ochig‘i, bunday rag‘batni sira kutmagan edim. Axir, o‘qisam, bilsam, o‘zim uchun-ku! Endi albatta o‘qiyman, oliy ma’lumot olib, tanlagan sohamning yetuk mutaxassisi bo‘laman.