Zahiriddin Muhammad Bobur So‘xda bo‘lganmi?

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Yanvar 27, 2018

Zahiriddin Muhammad Bobur So‘xda bo‘lganmi?

Farg‘ona viloyatining So‘x tumani tabiati g‘oyat maftunkor. Baland tog‘lar, tiniq buloqlar, jo‘shqin soylar, yashil alanga kabi ko‘kka talpingan archalar…

“O‘zbekiston tarixi” muzeyiga kirgan kishi bilaguzuk shaklidagi qo‘shilon tamg‘asini ko‘rib, beixtiyor qadimiy sirli saltanat qudratini his qiladi. Tarixdan biroz xabari bor odam, bu miloddan avvalgi V asrlarda gullab-yashnagan va hozirgi So‘x hududida hukm surgan davlat ramzlaridan biri ekani, ana shu belgi ortida qanchadan-qancha taloto‘p, ravnaq va tanazzul yashiringanini yaxshi biladi. “Seleng‘ur” g‘ori devoridagi suratlar esa yanada qadim zamonlardan so‘zlaydi.

So‘xliklar buyuk davlat arbobi va shoir Zahriddin Muhammad Bobur bizning tumanda ham bo‘lgan, mana shu tog‘larda bir muddat yashagan, deb hisoblaydi va bundan faxrlanadi. “Boburnoma”da 1493 yil voqealari qalamga olinar ekan, buyuk bobomiz taqdir taqozosiga ko‘ra, “So‘x va Hushyor ko‘hpoyalariga kelib, bir yilcha yovuq” yashaganini sog‘inch bilan xotirlaydi.

Unda, jumladan, shunday bitiklar bor: “Isfara viloyati to‘rt bo‘luk ko‘hpoyadir: bir Isfara, yana bir Vorux, yana bir So‘x, yana bir Hushyor…”, “…So‘x bila Hushyor-ko‘hpoyalariga kelib, bir yilg‘a yovuq tanqislik bila o‘tkarib, Kobul azimati qildim”.

Adib Qamchibek Kenja bu haqda shunday yozadi: «Demak, Bobur Mirzo Hushyorda turib kelgusi taqdirini belgilagan, atrof-javonibdagi qishloqlar, yo‘llar, dovonlarni puxta o‘rgangan va Farg‘ona davlatidan chiqib ketishda Ovchi, Obburdon, Matcho qishloqlari orqali Qorategin dovonidan oshib, Hisor orqali bobomeros Kobulga o‘tib ketgan. Oqibat, adolat shiori bo‘lgan Bobur keyinchalik Hindistonning Agra shahrida o‘tkazgan katta to‘y-izdihomlaridan biriga andijonlik, samarqandlik ko‘ngil yaqinlari bilan birga hushyorliklarni ham taklif qiladi va o‘z ta’biricha, “beviloyat va bevatan yurgan” chog‘larida joniga oro kirgan hushyorlik qadrdonlariga alohida izzat-ikrom ko‘rsatib, ularga boshqa mo‘tabar mehmonlar qatori chakmon, qimmatli sarpolar, oltin, kumush kiyimliklar in’om etadi».

Shuningdek, Bobur Mirzo So‘x daryosi atrofida joylashgan Tul qishlog‘i yaqinida, tog‘ tepasidagi “Sangi oyna”ga alohida e’tibor qaratgani, u joydagi buloq suvida yuz-qo‘lini yuvib, shu go‘zal tog‘ oraliqlaridan oqib kelayotgan sho‘x daryoga ko‘prik qurgani, u hozir ham «Bobur ko‘prigi», degan nom bilan mashhurligi ko‘pchilik ziyolilar va mahalliy aholiga yaxshi ma’lum.

Bobur nazari tushgan “Sangi oyna” bugungi kunda ziyoratgohga aylantirilgan. Bu Tosh oyna haqida Bobur shunday yozadi:

“Isfaraning bir shar’isida janub sori pushtalarning orasida bir parcha tosh tushubdur, “Sangi oyna” derlar, uzunligi taxminan o‘n qari bo‘lg‘ay, balandlig‘i ba’zi yeri kishi bo‘yi, pastlig‘i, ba’zi yeri kishining belicha bo‘lg‘ay, oyinadek har nima mun’akis bo‘lur”.

Bobur Mirzo davrida Hushyor – So‘x atrofidagi nohiya, qishloqlar -Isfara, Xo‘jand, O‘ratepa, Botkent, Qadamjoy, Zarafshon daryosining yuqori qismidagi Bolo, Ovchi, Obburdon, Daxkat, Matcho, Vorux qishloqlari Farg‘ona hududiga kirgan, u yerlarda shahzoda Bobur ko‘p marotaba bo‘lgan. Shuning uchun ham Boburburchak, Qorovultepa, Bobur ko‘prigi, Bobur namozgohi, Taxti Bobur (yapaloq tosh) kabi ulug‘ vatandoshimiz bitiklar yozgan bir necha katta tosh ta’rifi xalq orasida tildan-tilga o‘tib, asrlar osha bizgacha yetib kelgan. Ayni kunlarda xalq tilida “Osh tog‘i” deb ataluvchi maskan ham doimo gavjum.

–Tumanimiz tarixi haqiqatdan ham juda qiziqarli, – deydi So‘x tumani hokimi o‘rinbosari Bobosodiq Latipov.– Mana bu Qatron tog‘lari ne-ne zamonlarni ko‘rmagan deysiz. Qishloqlarimizda ziyoratgohlar, tarixiy qadamjolar juda ko‘p. Ayniqsa, so‘lim manzaralar har qanday kishini maftun etadi. Shuning uchun ham turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqdamiz.

Mustaqillik yillarida tumanda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, Chashmadan Hushyorgacha, Rovondan Tulgacha, Sharqoboddan Malbutgacha bo‘lgan barcha qishloqlar zamonaviy qiyofa kasb etdi. Ulkan yangilanishlar, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari tuman hayotida o‘z aksini topdi. Aholiga zamonaviy xizmat ko‘rsatadigan qishloq infratuzilmasi shakllandi. Namunaviy loyiha asosida qad rostlagan uy-joylar qishloqqa zamonaviy me’morlik namunalarini olib kirdi. Muhimi, mamlakatimizda kechayotgan islohotlar oddiy odamlar
ning ongu tafakkurini o‘zgartirib, ularda Vatandan faxrlanish, bugunidan mamnunlik va ertangi kunga ishonchini mustahkamlamoqda.