Taassurot va istak
Asrga tutash maskan solnomasi
Yangi islohotlar – muzey faoliyatida muhim omil
Ilmiy va xalqaro hamkorliklar
Osori-atiqalarda o‘tmish tasviri (3-maqola)
O‘zbekiston davlat san’at muzeyining qariyb yuz yillik faoliyati mobaynida uning fondi arxeologik qazishmalar va ilmiy izlanishlar natijasida nodir ashyolar bilan to‘ldirib borildi. Jumladan, akademik Ya.G‘ulomov yetakchiligida Quvada amalga oshirilgan ekspeditsiyada buddaviylikka oid topilmalar, G.Pugachenkova boshchiligidagi arxeologlar Surxondaryo viloyatining Denov tumani hududidagi qazishmalarda Xolchayon shaharchasi va antik davrga oid loydan yasalgan ko‘plab moddiy manbalar bugungi kunda muzeyning muhim tarixiy ashyolariga aylangan.
Bu topilmalar orasidagi eng qadimgisi antik davrga, aniqrog‘i, eramizgacha bo‘lgan I asr va eramizning I – XIII asrlarga taalluqlidir. Muzey bo‘ylab aylanar ekansiz, ekspozitsiyadagi loydan yasalgan shahzoda gavdasi va sovutiga ko‘zingiz tushadi. Bu tarixiy asar eramizdan avvalgi I asrga oid bo‘lib, u Xolchayon davri tarixining bir bo‘lagi sifatida bizni uzoq o‘tmishni chuqurroq o‘rganishga undaydi. Uning yonida qo‘yilgan «Keksa erkak boshi», «Erkak boshi» kabi noyob san’at durdonalaridan ajdodlarimiz madaniyatga, san’atga oshufta bo‘lganini anglashimiz mumkin.
VII asrga oid “Ov sahnasi” devoriy suratidagi tasvir ham ajdodlarimiz orasida iqtidorli tasviriy san’at vakillari yashab o‘tganidan darak beradi. Qadim Varaxsha tasviriy san’atiga oid bu asarda fil ustidagi jangchilarning sherlar bilan olishuv jarayoni tasvirlangan. Hajman ancha katta bo‘lgan devordagi chizma noma’lum muallif tomonidan chizilgan. Yana shu asrga doir “Yovuzlik xudosi Mara”, “Budda” (Quva) kabi haykaltaroshlik namunalaridan O‘rta asrda sivilizatsiya shaharlaridan biri bo‘lgan Toharistondan Farg‘onaga buddizmning tarqalishi bilan bog‘liq ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin.
X-XI asrlarga mansub Toshkent lagani, Axsikent lagani, Samarqand lagani kabi amaliy san’at namunalaridan bu davrda sirlangan kulolchilik keng urf bo‘lganini ko‘ramiz. Ulardagi shakl va bo‘yoqdorlik, gajakdor va hoshiyali naqshlarning uslubiy rang-barangligi bilan ajralib turadi. XV asrga oid me’moriy bezak bo‘laklaridagi naqshli chizmalar, arab imlosidagi yozuvlarning naqshsimon ifodasi ham o‘ziga xos tarixiylikni kasb etadi.
XIX-XX asrlar Buxoro, Marg‘ilon, Samarqand namoyonlari, eshiklar, ustunlar, panjaralar, xontaxtalardagi betakror bezaklar, yog‘och o‘ymakorligi naqshlaridan tortib, amaliy san’at namunalari – kashtalar, so‘zanalar, ayollar va erkaklar choponlari, misgarlik mahsulotlari, ayollarning turli-tuman taqinchoqlarini tomosha qilib, bu san’at ustalarining kasbi koriga bo‘lgan haqiqiy mehrini ular yaratgan asarlarda namoyon bo‘lganini ko‘ramiz.
– Muzeyda saqlanayotgan 1897 – 2011-yillarga oid tasviriy san’at namunalaridan O‘zbekiston milliy rangtasvir hamda grafikaning rivojlanish maktabi va uning shakllanish jarayonlarini I.Kazakov, R.Zommer, P.Benkov, A.Nikolayev, A.Volkov, N.Karaxan, O‘.Tansiqboyev, A.Abdullayev, R.Ahmedov, Ch.Ahmarov, J.Umarbekov, B.Jalolov, A.Nuriddinov va boshqa yirik mo‘yqalam sohiblari ijodida ko‘rish mumkin, – deydi muzey ilmiy xodimi Obid Tangriyev. – XV-XX asrlardagi Rossiya tasviriy san’ati tomoshabinlarni rus ikonalaridan tortib, D.Levitskiy, V.Surikov, V.Borovikovskiy, O.Kiprenskiy kabi yirik rangtasvir ustalarining asarlari bilan yaqinroq tanishtirishga imkon yaratadi. Bundan tashqari, muzey kolleksiyasidan dunyoga mashhur abstraksanizm va avangardistlarning yorqin mo‘yqalam ijodkorlari V.Kandinskiy, A.Yavlenskiy, I.Klyun, E.Stenberg, P.Konchalovskiy asarlari ham o‘rin olgan.
Shuningdek, “Rossiya va G‘arbiy Yevropa davlatlari san’ati” bo‘limidagi tasviriy va amaliy san’at asarlari, haykaltaroshlik namunalari, ayniqsa, Italiya va Ispaniya mebelsozligi ekspozitsiyalari ham o‘zining tarixiyligi bilan ajralib turadi. Masalan, noma’lum rassom tomonidan chizilgan “Bibi Maryam go‘dak bilan” (XV asr, Italiya), D.Domenikinoning “Sivilla” (XVII asr, Italiya), P.Xuanning “Ispan qiroli Filippe III portreti” (Ispaniya, 1599-yil), G.Ringglening “Erkak portreti” (Germaniya, 1606-yil) kabi asarlari yurtimiz va xorijlik sayyohlarning hamisha diqqat-e’tiborida. “Xorijiy Sharq mamlakatlari san’ati” bo‘limidagi bronza, seladon, farfor va fil suyagidan – netske yasalgan noyob buyumlar, tasviriy san’at asarlari, musiqa asboblari, yog‘och o‘ymakorligi namunalari sizu bizni XVIII – XX asrlar Xitoy, Yaponiya, Hindiston, Eron kabi davlatlar madaniyati va san’atini sinchiklab o‘rganishga chorlaydi.