TOShKENT, 27 iyun. /«Dunyo» AA/. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi xalqaro havo qatnovini tiklash bo‘yicha ishlar tugallanmaganiga rasmiy ravishda izoh berdi, deb xabar qiladi “Dunyo” AA muxbiri.
Vazirlik so‘nggi kunlarda joriy yilning 1 iyulidan boshlab ba’zi xorijiy aviakompaniyalarning O‘zbekistonga muntazam reyslari tiklanishi haqidagi xabarlarga shunday munosabat bildirdi.
Muassasa Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan mamlakatda karantin cheklovlari 1 avgustgacha uzaytirilgani va xalqaro havo qatnovini tiklash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar hali yakuniga yetmaganini eslatdi.
“Turli aviakompaniyalarning O‘zbekistonga muntazam parvozlarni boshlashi to‘g‘risida taraqalayotgan rasman tasdiqlanmagan xabarlarga ishonib, aviachiptalarni sotib olmang. Muntazam reyslar tiklangunga qadar faqat Respublika maxsus komissiyasi tomonidan tasdiqlangan parvozlar jadvaliga muvofiq charter reyslarigina amalga oshiriladi”, – deyiladi Transport vazirligi xabarida.